07:00 / 27.04.2022
1 226

O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun jozibador yo‘nalishlar ma’lum qilindi

O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun jozibador yo‘nalishlar ma’lum qilindi
Foto: RIA Novosti
2021 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga o‘tkazilgan pul mablag‘lari hajmi 8,1 milliard dollarni tashkil qilgan. Uning 70 foizi yoki 5,6 milliard dollari Rossiyadan o‘tkazilgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra o‘tgan yilda Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni 1 mln 36 ming 305 nafar kishini tashkil qilgan. Shu jihatdan, 2021 yilda har bir mehnat muhojirining oylik o‘tkazmasi 453 dollarga teng bo‘lgan.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari muhojirlar oqimiga ta’sir qiluvchi tashqi omillarni inobatga olgan holda tashqi mehnat muhojirligi imkoniyatlarini baholash bo‘yicha tahlil o‘tkazdi. Qayd etilishicha, Rossiyadagi mehnat muhojirlari o‘tkazadigan pul mablag‘lariga bog‘lanib qolish nafaqat mehnat bozori, balki butun respublikadagi vaziyatni yanada murakkablashtiradi. Shu sababdan ayni chog‘da ishchi kuchini eksport qilish uchun yangi imkoniyatlarni ko‘rib chiqish zarur.

Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistondan asosan malaka darajasi yuqori bo‘lmagan, o‘rta-maxsus ta’limga ega ishchilar ketmoqda. Ular asosan qishloq xo‘jaligi, qurilish va qisman xizmat ko‘rsatish (sotuvchilar, bemorga qarovchilar, farroshlar va boshqalar) sohalarida mehnat qiladi.

O‘zbekiston dunyodagi 27ta mamlakat bilan mehnat bitimlariga ega bo‘lsa-da, Rossiya, Qozog‘iston va Turkiya o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari yo‘l olayotgan asosiy mamlakatlar bo‘lib qolmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, donor mamlakatlarda YAIMning aholi jon boshiga nisbatan 1 foiz o‘sishi O‘zbekistondan mehnat muhojirlari ketishini 0,7 foiz oshiradi. Aviachiptalar narxi 1 foizga oshishi, mehnat migratsiyasini 1,35 foizga pasaytiradi. Donor mamlakatlarda diplomatik vakolatxonalar borligi mehnat muhojirlari ketishini 16 foizga ko‘paytiradi. Donor mamlakatlardagi ingliz tilini bilish talabi O‘zbekistondan mehnat muhojirlari ketishini 55 foizga kamaytiradi.

Tadqiqot davomida O‘zbekistondan mehnat migratsiyasini rag‘batlantirishning eng jozibador yo‘nalishlari aniqlandi. Bular Polsha, Bolgariya, Litva, Chexiya, Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniyadir. Singapur, Saudiya Arabistoni va Yaponiya ham alohida qayd etilgan. MDH davlatlari orasida Ozarboyjon va Belarus eng salohiyatli yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatilgan.

PMTI ekspertlari amalga oshirilgan hisob-kitoblar natijasida chora-tadbirlar va mexanizmlarni tatbiq etish bo‘yicha quyidagi takliflarni ishlab chiqdi:

1. Xorijiy mamlakatlar bilan diplomatik, xususan ishchi kuchini eksport qilish sohasidagi kelishuvlarni kengaytirish, mehnat shartnomalarini tuzish va mehnat qilayotgan muhojirlar huquqlarini himoya qilish maqsadga muvofiq.

2. Maktabdan boshlab xorijiy tillarni, ayniqsa ingliz tilini o‘rgatishni sifat jihatidan yaxshilash. Mehnat muhojirligiga jo‘nash istagida bo‘lgan ko‘p sonli fuqarolarni ingliz tili kurslari bilan qamrab olish, mahallalarda ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha bepul kurslarni tashkil etish lozim.

3. Aviachiptalarni xarid qilishda Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi yordamida chipta bahosining 50 foizini to‘lash yo‘li orqali mehnat muhojirlariga imtiyozlarni taqdim etish kerak.

4. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mehnat muhojirlarini jo‘natish uchun muhim, deb hisoblangan mamlakatlarning mehnat bozorini muntazam ravishda chuqur tahlil qilib borishi zarur.

5. O‘zbekistondan chiqib ketayotgan mehnat muhojirlari haqidagi rasmiy hisobotni takomillashtirish zarur (chunki alohida vazirliklarning raqamlarida tafovut mavjud).

6. Yevropa ittifoqi mamlakatlariga ishga jo‘natuvchi xususiy bandlik agentliklari uchun litsenziya olishni soddalashtirish maqsadga muvofiq.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun jozibador yo‘nalishlar ma’lum qilindi