1 730
Dildora Niyozova yosh xonandalar san’atga kirib kelganida duch keladigan qiyinchiliklar haqida (video)
Xonanda Dildora Niyozova «Daryo» internet nashriga bergan intervyusida otasi avvaliga san’atkor bo‘lishiga jiddiy qarshilik qilgani va birgina insonning fikri bilan qarorini o‘zgartirgani haqida so‘zlab berdi.
— "San’atkor bo‘lishim avvalo qismat. Ammo otam san’atkor bo‘lishimga jiddiy qarshilik qilgan. U inson o‘z davrida «Metropoliten» va «Metroqurilish»da yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan. O‘ziga yarasha obro‘si bo‘lgani va uchta o‘g‘ildan keyin tug‘ilgan bitta qiz bo‘lganim uchun xonanda bo‘lishimga norozi bo‘lgan. «Qizim san’atkor bo‘lsa, baxtsiz bo‘ladi», deb o‘ylardi.
Bir kuni Alisher Ikromovni oldiga olib borib: «Qizimda haqiqatan iqtidor bormi, bir umr otarchi bo‘lib yurmaydi-ku», degan. Alisher aka ovozimni eshitib ko‘rgach, dadamga «Qizingizda chiroyli ovoz bor ekan. Hali ancha yil xalqqa xizmat qiladi», — degan. Ana shu gapdan keyin otamning san’atimga bo‘lgan munosabati o‘zgargan. U paytlarda bayram kunlari ko‘chalarda sayllar o‘tkazilardi. O‘sha sayllarda qo‘shiqlarimni eshitib to‘planayotgan xalqni ko‘rib, ishonchlari ortgan. Ana shu voqeadan keyin «Tarona rekords» studiyasida bir nechta qo‘shiqlarimni yozdirib, ilk audiokassetamni sotuvga chiqarishgan.
Kasseta sotuvchi erkak rus millatiga mansub bo‘lgan. Otam uning oldiga borib kassetalarim qanday sotilayotganiga qiziqqan. O‘sha paytda Yulduz Usmonova va Ozoda Nursaidovaning qo‘shiqlari trendda edi. Rus sotuvchi kassetamni ko‘rsatib, «O‘zi bu kim, hamma shuning kassetasini so‘rayapti», degan. Uyimizga to‘y xizmatlariga aytib, ko‘p kelishardi. Ammo otam to‘ylarga chiqishimga qarshi bo‘lgan. «Qizim to‘y uchun qo‘shiq aytmaydi», deb rad javobini berardi. Onam «Qizim yolg‘iz konsertlarga bormaydi», deb hamisha yonimda yurardi.
Ammo bugungi darajaga erishishim oson bo‘lmagan. Otam yaxshi joyda ishlaganlari bilan biror konsertga qatnashgim kelsa, borib iltimos qilardi. Chunki hozirgidek shart-sharoitlar oson emasdi. Hatto sahnadan haydab yuborgan yoki pora berib konsertga chiqqan kunlarimiz ham bo‘lgan.
Aniq esimda: bir marta Toshkentdan Sirdaryoga konsert uchun borganman. Taniqli insonlardan Farrux Zokirov ham ishtirok etgandi. Konsert tugadi hamki, meni sahnaga taklif etishmadi. Shunda boshlovchi qizning qo‘lidagi mikrofonni yulib olib, zaldan chiqib ketayotgan tomoshabinlarga «Men hali mashhur san’atkor bo‘laman», deb qo‘shiq ijro etgandim. Tomoshabinlar ham ortiga qaytib, qo‘shig‘imni tinglagandi", — deydi xonanda Dildora Niyozova.
Bundan tashqari, xonanda 2002—2003 yillari televideniyeda qo‘shiqlar faqat tanish-bilish orqali aylantirilganligini ham eslab o‘tdi.
— "Ilgari pulini berib, yo‘lini qilsangiz, yarim soatdan keyin qo‘shig‘ingiz televideniyeda berilardi. Biz ham qo‘shnimiz ishlaydigan telekanalda tanish-bilish qilib, qo‘shig‘imni aylantirganimizni yaxshi eslayman. Bundan boshqa iloj yo‘q edi. Undan keyin shartnoma tizimi yo‘lga qo‘yildi. Pulini to‘lab, istaganda televizorda chiqish mumkin. Ammo uning narxi juda qimmat. Oxirgi marta klipimni aylantirganimda bitta qo‘shiqning efiri 100 AQSH dollari edi. Bu narx yosh xonandalar uchun juda qimmatlik qiladi. Oxirgi paytlarda televizor ko‘rmayotganim va ro‘molda bo‘lganim uchun televideniyega qiziqayotganim yo‘q", — deydi xonanda Dildora Niyozova.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi