date
views 3 294

Xonanda Dilnoz Hakimova prodyusersiz ishlashi sababi hamda xorijdan tushgan nojoʻya taklif haqida: «10 ming evro bermoqchi boʻlishgan»

Хонанда Дилноз Ҳакимова продюсерсиз ишлаши сабаби ҳамда хориждан тушган ножўя таклиф ҳақида: «10 минг eвро бермоқчи бўлишган»
Xonanda Dilnoz Hakimova «Yashin TV» YouTube kanaliga bergan intervyusida bolaligi, oilasi, yotib olib kuylagan qoʻshigʻini kuylagan vaqtda mast boʻlgani haqida tarqalgan mish-mishlarga javobi, kiyinishi haqida salbiy fikr bildiruvchi insonlarga munosabati, tez-tez Moskvaga borishining sababi va chet elda turmush qurgani haqidagi mish-mishlar, «Sayyod.com» bilan ishlagani va hozir nima sababdan prodyuseri yoʻqligi, rasmlari sabab chet eldan nojoʻya taklif tushgani haqida gapirdi.

«Bizning oilamizda san'atkor, ijodkor insonlar yoʻq»

«Familiyam Hakimova emas, koʻpchilik Hakimova deb oʻylaydi, yozadi, hattoki Hakimova deb faxriy yorliqlar berishgan. Instagram’da ham, rasmiy joylarda ham Hakimova deb tanilganman. Aslida familiyam Ne'matullaeva, buni bobomning ismiga oʻzgartirmoqchi boʻlganman. Hujjatlar bilan muammo boʻlgani uchun, almashtira olmaganim uchun, Instagram’da akkaunt ochganimda Hakimova deb yozganman. Videolar tarqalib ketgandan keyin hozirgacha Hakimova deyishadi. Ijodda Dilnoz, ismim bilan tanilganman. Fargʻonalikman, oilada uchta qizmiz, men eng kattasiman. Bizning oilamizda san'atkor, ijodkor insonlar yoʻq.

Bizda hamma harbiy yoʻnalishda ishlaydi. Onam mayyor, otam ichki ishlarda, togʻam, hammalari shu yoʻlda. Men musiqani, raqsga tushishni yoshligimdan yaxshi koʻrganman, pianinodan Sevara Nazarxonning xolasi dars bergan. Bogʻchada, qoʻshiq aytib, raqsga tushgan paytim, menda iste'dod borligini sezishgan. Keyin musiqa maktabiga berishgan, buning uchun oyimga rahmat aytaman. Ular tigʻiz ish rejasiga qaramay men bilan studiyalarga qoʻshiq yozishga borib doim qoʻllab-quvvatlagan», — deydi xonanda.

Foto: Instagram /@dilnoz_ hakimova_

«Bu holatdan xafa boʻlmaganman»

«Shu holatdan xursand boʻlgan narsam, yotib kuyladi deyilgan joyda, ‘ichib olibdimi’, ‘chekib olibdimi’, degan ba'zi boʻlmagʻur soʻzlar boʻlgan, biroq qoʻshiqni kuylay olmabdi degan joyi boʻlmagan. Hamma narsaning asosiysiga e'tibor beraman, men xonandaman, ovozim bilan bogʻliq soʻzlarga e'tibor beraman, ular esa ovozimni gapirmagan. Yotib kuylaymanmi, ‘ichib qotib qolibdi’, degan gaplar boʻladimi, oʻzingiz toʻgʻri boʻlsangiz bu gaplarga e'tibor bermaysiz. Hech qaysini ichimga olmaganman, bu gaplar men haqimda emas. Agar ayta olmabdi, desa xafa boʻlardim, bu holatdan esa xafa boʻlmaganman.

Ha, men yotib kuylagan qizman. Men restoranning tepa qismida qoʻshiq kuylaganman, u joy ‘barniy’ boʻlgan. Sardor akaning gitarachilari kelib, ‘Dilnoz, men chalib beraman, sen qoʻshiq kuylab ber’, degan. Pastga tushganmiz, xonada shishachalarning ichiga shamlar qoʻyilgan dekoratsiya boʻlgan», — deydi Dilnoza Hakimova.

Foto: Instagram /@dilnoz_ hakimova_

Xonanda kiyinishi haqida salbiy fikr bildiruvchi insonlarga munosabati

«Ularga hech narsa demayman. Vaqt oʻtgan sari aql kirarkan. Menda hozir juda ham sokinlik hukm suradi. Oʻzim uchun boʻlib olganman, bu narsa siqilishimga arziydi, bu narsa muhim, unisi muhim emas deganman. Rostini aytaman, juda koʻp insonlar hayron qoladi, chetdan keladigan fikrlarga uncha e'tibor bermayman. Chunki mening oʻzimning oʻzim haqimdagi fikrim, yon atrofdagi hurmat qilgan insonlarimning men haqimdagi fikri muhim, meni tanimaydigan qancha insonlar bor.

Kuzatuvchilarimdan biri menga «sizning koʻylagingiz yoqmadi» deb izoh yozdi. Keyin men uning sahifasining asosiy suratini koʻzdan kechirdim, qarasam kelinlik libosida tushgan ekan. Men unga javoban «sizning ham kelin koʻylagingiz menga yoqmadi, biroq men bu haqda gapirmayapman-ku, dedim. Hammaning oʻz dunyoqarashi bor, uni oʻzgartira olmaysiz. Shuning uchun kimnidir oʻzgartirishga, nimanidir uqtirishga harakat ham qilmaslik kerak. Bu gaplar menga tegmaydi, onamga tegadi. U odamlar kelib yuzimga nimanidir aytmagan, men doim aytaman, yuzimga kelib gapga javobim bor, lekin koʻrmagan, mavhum insonlarning gapiga javob berishimning oʻzi ahmoqlik.

Men gaplarimda ham, izohlarda ham, vaqtimda ham juda qizgʻanchiqman. Xafa qiladigan tomoni, onam ba'zida yangi klipim chiqsa, uning pastiga izohlarni oʻqir ekan. Shunda 100 ta yaxshi izoh boʻlib, bitta sal yomoni boʻlsa onam shuni oʻqib, ichiga kirib, ‘qarang, bolam shu odam oʻzi bunaqa odam ekan, sizga unaqa debdi’, deydi. Ahamiyat bermang, deyman, kuzatuvimdan aytaman, menda salbiy izohlar juda kam. Chunki oʻzim ham bunga yoʻl qoʻymayman, piar qilmayman, birovlarning shaxsiy hayotimni koʻrsatmayman. Shaxsiy hayotimni faqat oʻrtoqlarim bilishadi, sahifamga oilamni kam qoʻyaman», — deydi xonanda.

Foto: Instagram /@dilnoz_ hakimova_

«Faqat ijod, chetga chiqsam dam olaman»

«Men yaxshi koʻrib qolishim mumkin, lekin unaqa mubtalo boʻlib birovning orqasidan Moskvaga borishim mumkin emas. Koʻp bordim, tan olaman. Toʻgʻrisini aytaman, ikkita katta loyiha qilyapman, birinchisi armanlar bilan. Hozir Armanistonning chegalari tinch emas, u bari bir ichki atmosferaga ham ta'sir koʻrsatadi. Shuning uchun Moskvada ham tinchlik boʻlmasa ham ular men uchun oʻsha erga kelishyapti. Armanistonlik ijodkorlarning kinosiga sountrack aytganman. Shuni orqasidan koʻp borib yurdim, endi hozir oʻzimning qoʻshigʻim ustida ish olib borilayotgani uchun boraman. Faqat ijod, chetga chiqsam dam olaman», — deydi xonanda.

Dilnoza Hakimova Sayyod bilan ishlagani va hozir nima sababdan prodyuseri yoʻqligi haqida

«Hozir prodyuserim yoʻq, oʻsha paytda Sayyod (Sardor Komilov) bilan ishlaganman, keyin ular bilan shartnomani tugatganimdan keyin yangi prodyuser bilan ish boshlanishi kerak boʻlgan. Bu ikkalamiz tomonimizdan kelishilgan qaror boʻlgan. Undan keyin boshqa prodyuser bilan ish boshlaganman, shu payt ishlaganimda men prodyuser bilan ishlay olmasligimni tushunganman. Oʻzbekistonda prodyuserlik borasida ozgina oqsash bor. Tan olish kerak, Oʻzbekistonda prodyuserlik maktabini oʻzi yoʻq. Odamlar prodyuser kimligini bilmaydi, insonlar homiy bilan prodyuserni adashtirib qoʻygan.

Homiy degani prodyuser emas, prodyuser degani homiy emas. Homiy ijodingiz uchun pul tikadigan inson, u sizning imijingizga, qoʻshiq tanlashingizga, qaerga borishingizga aralashmaydi. Homiylar oʻzini prodyuserman deyapti, ‘men aytgan ashulani aytasiz’, ‘menga shunaqa imij yoqdi, shunaqa chiqasiz’, ‘klipingizning shu joyini olamiz, chunki men shuni xohlayapman’, deydi. Bu juda notoʻgʻri, chunki ijodkor bilan pulli insonning orasida katta farq bor. Oʻzim tan olib hurmat qiladigan insonlarim bor, Shahzodani, Dilsoʻzni prodyuseri, ularda hamma narsa yaxshi ishlaydi. Ular bu imij qaysi xonandalarga mos tushishini, qoʻshiqlar qaysi xonandaning ovoziga mos tushishini biladi. Menga homiy boʻlgan bola ham oʻzini prodyuserman degan va aralashishni boshlagan.

Foto: Instagram /@dilnoz_ hakimova_
Oʻzimga talabchanligimni hisobiga boshqa insonlarga ham talabchanman. Qarasam, u insonlar menga toʻgʻri kelmadi, shu bilan chiroyli qilib yaxshi notada tugatganman. Hozirgacha prodyuserlardan taklif boʻladi, lekin ular menga toʻgʻri kelmaydi», — deydi Dilnoza Hakimova.

«Yaqinda nomaqbul takliflar chet eldan ham boʻldi. Oxirgi videolarim chet ellik kommentatorlar bilan toʻlib ketdi. Eron va boshqa davlatlardan koʻp izoh yozishdi. Menimcha oʻsha erdan taklif keldi, ism-familiyasi, qaerga taklif qilinayotganim yozilgan, ‘bitta zoʻr mehmonxonaning reklama roligi uchun sizni taklif qilyapmiz, gonorarini 10 000 evro, dedi. Kelib-ketishingiz hammasi bizning boʻynimizda, joyigacha yozilgan. Muammoni tekshirib keyin gaplashamiz, boʻldi, adminstrator bilan muloqot qilasiz degan joyimda ‘yoʻq, sizning oʻzingizdan soʻrab olishimiz kerak boʻlgan shaxsiy ma'lumotlar bor’, deyapti.

Foto: Instagram /@dilnoz_ hakimova_
Keyin, mayli, soʻrang dedim, buni aytish ham gʻalati, ‘bizning boshligʻimiz sizni yoqtirib qolibdi, ularni Oʻzbekistonda neft biznesi bor’ deb familiyasi va ismini qoʻrqmay yozyapti. ‘Shu inson bilan shaxsiy aloqangiz, munosabatingiz boʻlishini istayapti, agar shu taklifimiz sizga toʻgʻri kelsa, ayting, deyishyapti. Bu narsaga hayron ham qolmayman. Kechirasiz, bu taklifingizni qabul qila olmayman, deb yozdim. Keyin ular ‘boʻldi, tushundik, lekin sizga bergan taklifimiz oʻz kuchida turibdi, nechtadir davlatda aylanadigan reklama roligida tushib berishingizni xohlaymiz’, deyishdi. Muhimi ularning nima deyishi emas, oʻzingizni qanaqa tutishingiz», — deydi xonanda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Xonanda Dilnoz Hakimova prodyusersiz ishlashi sababi hamda xorijdan tushgan nojoʻya taklif haqida: «10 ming evro bermoqchi boʻlishgan»