date

2022 yilda o‘zbek shou-biznesida kuzatilgan mojarolar: Turk aktyorlarining Toshkentdagi janjali, pichoqbozlik va oilaviy kelishmovchiliklar

2022 yilda o‘zbek shou-biznesida kuzatilgan mojarolar: Turk aktyorlarining Toshkentdagi janjali, pichoqbozlik va oilaviy kelishmovchiliklar
Omma uchun shou-biznes olamidagi yangiliklar hamisha qiziq. Ammo yangiliklarning bari ham ijod bilan bog‘liq bo‘lmaydi. San’at vakilining janjallashgani, oilasidagi muommoli vaziyat ham omma e’tiborida bo‘ladi. Hatto, shou-biznes vakillari orasida odamlar nazariga tushish uchun atayin «piar» uyushtiradiganlar ham ko‘plab topiladi. Xo‘sh, yakunlanayotgan yilda qaysi san’atkorlar muxlislar muhokamasiga sabab bo‘ldi?

Hamkasbi tomonidan pichoqlangan aktyor

Foto: Instagram / @_farhod_badalov_
Aslida, bunday nohushlik madaniyat vakillari orasida uchrashi achinarli hol. Insonlarga o‘rnak bo‘lishi kerak bo‘lgan madaniyat vakillari o‘rtasidagi pichoqbozlik ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Aktyor Farhod Badalov Madaniyat vazirligida ishlaydigan hamkasbi tomonidan pichoqlandi.

Jinoyat 8 aprel kuni Olmazor tumani Taxtapul darvoza ko‘chasida joylashgan choyxonada sodir bo‘lgan. Madaniyat vazirligining sport targ‘ibot kasaba uyushmasining 38 yoshli raisi lavozimida ishlagan shaxs va hamkasbi taniqli aktyor va prodyuser Farhod Badalov ishtirokida janjal yuzaga kelgan va holat pichoqbozlik bilan yakunlangan. Ular choyxonaga Ramazon oyining yettinchi kuni iftorlik qilish uchun kelishgan bo‘lgan.

Foto: Instagram
Ishxonadagi tadbirlarni uyushtirib turardim. O‘sha vaqtda kimdir rahbariyatdan odam keldi, dedi. Kutib olgani chiqib ketayotganimda, u so‘kinib haqoratli gaplarni aytdi. «Nima qilayapsan, deb qaraganimda», meni bir-ikki marta urib yubordi. Bo‘ylari baland bo‘lgani uchun o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Kuchli ruhiy hayajonda qanday qilib pichoqni olib unga sanchib qo‘yganimni bilmay qoldim. Keyin bolalar kelib qoldi va uni davolatgani olib bordik. Menga uni o‘ldirib qo‘yding, deyishgandi. O‘sha paytda sochlarimga oq tushib ketdi. Ikki marta o‘z jonimga qasd qilishga harakat qildim, kameradoshlarim qutqarib qolishdi. Qilgan ishimdan pushaymonman. Turmada ko‘zim ochildi, — dedi sudlanuvchi sud zalida.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi mazkur ishni ko‘rib chiqqan. Unda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, sudlanuvchi bu harakatlari bilan Jinoyat kodeksining 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) va 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1- qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan.

Xonanda Ruxshonaning turmush o‘rtog‘i Sanjar Matkarimov bilan oilaviy mojarolari

Xonanda Ruxshona turmush o‘rtog‘i klipmeyker Sanjar Matkarimov bilan ajrashgani va Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritgani ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Foto: Instagram
2022 yilning 27 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida fuqaro Matkarimov Sanjarbekka nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Sudlanuvchi Matkarimov Sanjarbek turmush o‘rtog‘i Matkarimova Ruxshonaning uyali aloqa vositasiga kelgan xabar yuzasidan o‘zaro tortishib qolib, qo‘l va oyoqlari bilan uni urib, tepib, tan jarohatlari yetkazgan. Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, Matkarimova Ruxshonaga sog‘liqning qisqa muddatga buzilishiga olib keladigan yengil tan jarohatlari yetkazilgani aniqlangan.

Shuningdek, u Matkarimova Ruxshonani sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan haqorat qilish, shaxsiy sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda tarqatib, shaxsiy hayot daxlsizligini qasddan buzgan.

Tayinlangan har xil turdagi jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan Sanjar Matkarimovga uzil-kesil o‘tashi uchun 2 yil-u 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Xonanda 8 yillik turmushidan ajrashgach, oradan ko‘p o‘tmay xorijlik inson bilan oila qurganini ma’lum qildi.

Dildora Niyozova san’atdan ketishiga bir bahya qoldi

Dildora Niyozova oilaviy sirlarni fosh etmaydigan va qadriyatlarga mustahkam amal qiladigan xonanda sanaladi. Afsuski, 2022 yilda u turmush o‘rtog‘i Latifjon Yunusov bilan jiddiy kelishmovchilikka borgandi. Er-xotin munosabatlarining sovuqlashgani ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘plab munozalarga sabab bo‘lgandi.

Foto: Instagram
Latifjon Yunusov o‘shanda xonandaning Instagram sahifasi orqali videomurojaat yo‘llab, rafiqasining islom yo‘lini tanlagani uchun san’atni tark etishi haqida ma’lumot qoldirgan edi.

Oradan bir necha soat o‘tib, Dildora Niyozovaning o‘zi muxlislariga murojaat qilib, turmush o‘rtog‘i jahl ustida uning san’atdan ketishini e’lon qilgani, oldindan zaklad olingan to‘y xizmatlariga borishini aytgandi.

Har bir oilada o‘ziga yarasha sinovli kunlar bo‘ladi. Ammo san’atkor taniqli inson bo‘lgani uchungina uning shaxsiy hayotidagi ma’lumotlar keng tarqalib ketadi. Dunyoda urishmaydian er-xotin bormi? Turmush o‘rtog‘im haqiqatan rashkchi bo‘lib, sal gapim ham qattiq botadigan asabiy bo‘lib qoldi. Jahlda aql ketadi, deb bekorga aytishmaydi. Ayollar baribir og‘irroq bo‘lmasa, vaziyat butunlay izidan chiqib ketadi. Oilaning mustahkamligini saqlash oson emas. Erkak jahli chiqqanida tez qaror qilib qo‘yadi, — deydi Dildora Niyozova.

Yil yakunida xonanda turmush o‘rtog‘i va qaynota-qaynonasi bilan birgalikda Umra safariga borib keldi.

Yigitali va Muqaddasning oilasi uchun sinovli yil

Foto: Instagram / @muqaddas_sadullaeva
Aktrisa 2022 yilning avgust oyida turmush o‘rtog‘i, aktyor Yigitali Mamajonov bilan jiddiy kelishmovchilikka borgani va 5 yil davomida birga yashagan xonadonini tark etganini ma’lum qilgandi. Oradan uch oy o‘tib, u oilasi tiklanganini ma’lum qilgandi.

Alloh bergan sinovlardan ham shukrona bilan o‘tib olishlik, davomiy baxtning eshiklari ochilishiga sabab bo‘ladi, — deya Instagram sahifasiga turmush o‘rtog‘i bilan birga tushgan suratini joyladi aktrisa.

Aktrisaning turmush o‘rtog‘i bilan munosabatlari yaxshilangach, Umra safariga borib qaytishdi. Ayni kunda ular teleko‘rsatuvlardan biriga boshlovchilik ham qilishmoqda.

Dilso‘zning oilasidagi sirlar oshkor bo‘ldi

Foto: Instagram / @dilsoz_singer_new
To‘rt farzandning ota-onasi bo‘lgan Dilso‘z va Farruh Raimovning oilasidagi kelishmovchilik ham bir muddat omma e’tiborida bo‘ldi. Avvaliga Farruh Raimov, undan keyin unga javoban Dilso‘z videomurojaat joylab, oilaviy sirlarini oshkor etishgandi.

Oradan ko‘p o‘tmay Dilso‘z turmush o‘rtog‘i bilan kelishib olgani va jahl ustida u haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgani uchun uzr so‘rab chiqdi. Muxlislar to‘rt nafar farzandning ota-onasi bo‘lgan taniqli juftlik oilasini saqlab qolganidan xursand bo‘ldi.

Sinovli kunlar boshimizga tushdi, unga ko‘z tegdi. Oxirgi paytlarda erimni menga yomon ko‘rsatmoqchi bo‘lganlar ko‘paydi. Balki ular oilamizning buzulishini istashgandir. Ajrashishimizni kutganlar, ovora bo‘lasizlar biz baxtli bo‘lamiz, — deya Instagram sahifasiga xabar qoldirdi xonanda Dilso‘z.

Yil yakunida Dilso‘z turmush o‘rtog‘i bilan birga duet ijro etayotganini ma’lum qildi.

Burak O‘zchivit va Nurgul Yeshilchay «yulduzlik kasali»ga uchraganmidi?

15 sentyabr kuni «O‘zbekiston» anjumanlar saroyida «Ipak yo‘li durdonasi» XIV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida «Turkiya kinosi kunlari»ning ochilish marosimi hamda kino ijodkorlar ishtirokida ijodiy kecha bo‘lib o‘tdi. Afsuski, tadbir tushunmovchiliklar sabab, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Foto: «Daryo»
Turkiyadan tashrif buyurgan 9 ta aktyor sahnaga chiqib, tomoshabinlar bilan yuzma-yuz bo‘lishdi. Lekin o‘zbek «burakshunoslari» va Yashilchoy muxlislari tadbirni yarmini ularni kutib, ko‘chada o‘tkazishgani, boshlovchilar ikki qayta tantana bilan e’lon qilishsa-da, ular sahnaga chiqmadi. Va nihoyat Nurgul Yeshilchay sahnani bir burchagidan chiqib, o‘sha yerda qotdi. Hamyurt hamkasblariga nazar tashladi-yu, ikki qo‘lini cho‘ntagiga solib, g‘oz turib oldi. Uzatilgan mikrofonni ham qo‘liga olishni ep ko‘rmay, boshlovchining qo‘lidagi mikrofonga egilib, «Salom, yaxshimisizlar?» deb boshqa aktyorlar yoniga borib o‘tirmasdan, sahna ortiga o‘tib ketdi. Oybek Veysal o‘g‘li to‘qqizta aktyor bilan birma-bir samimiy suhbat qildi, lekin Yashilchoy qaytmadi. Burak-ku umuman ko‘rinmadi.

Ko‘nglimning bir chekkasidan «U shunchalik mashhurmikan, to‘qqizta hamkasbini mensimadi-ya», degan fikr o‘tdi. Sahnadagilarni sovg‘a-salomlar bilan o‘rinlariga kuzatib qo‘yishgachgina Nurgul sahnaga chiqib keldi va uning boshiga boshlovchining tojini kiydirib, endi shou boshlanayotgan edi, 58 yildan beri kino san’atiga halol xizmat qilib, sochi oqargan, o‘zining ta’biricha «podshodan qulgacha» barcha rollarni o‘ynagan Sevdar Go‘kxan sahnaga otilib chiqib, «Tomoshamizni buzdi deb mendan xafa bo‘lmang.

Ming afsus, mana bu oyog‘i yerdan uzilgan ikki hamkasbimiz sahnada biz bilan birga o‘tirishdan or qildi, aslida ular bizning safimizda bo‘lishga noloyiq. Siz odamning qiyofasiga qarab baho bermang, uning kimligini xatti-harakatlari bildirib turadi. Biz ortiq bu ikkisining ahmoqona tomoshasini ko‘rib, haqoratni jimgina yutib keta olmaymiz. Biz bu yerni hoziroq tark etamiz», — deb to‘qqiz turk ijodkori bilan zalni tark etishdi. Ularning ortidan elchixona vakillari ham chiqib ketishdi va shu bilan bugungi tadbirning fayzini ham olib ketishdi
, — dedi kinojurnalist Shoira Raufboyeva.

Foto: «Daryo»
Turk kino kunlari yakunlanganidan so‘ng ko‘plab o‘zbek ijodkorlari ijtimoiy tarmoqlar orqali xorijlik aktyorlarga bo‘lgan munosabatdan hayron qolishgani, qiz va ayollar tomoshabinlar o‘zlarini noloyiq tutishganini tanqid qilishdi.

Jonli efirdagi janjal

«Zo‘rTV» boshlovchisi Tolibjon Isroilov jonli efirda xonanda Husan bilan gap talashib qolgani haqidagi video ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Boshlovchi vaziyatni quyidagi izohladi.

Foto: Instagram
Uni ko‘rsatuvga taklif etishgan ekan. Vaqti kelganida unga peshvoz chiqib, sahnaga taklif qilsam: «Nega men sizlarni shuncha kutishim kerak? Bu nimasi?» deb ko‘rsatuvga nisbatan hurmatsizlik qildi, — dedi Tolibjon Isroilov.

Oradan bir kun o‘tib xonanda Husan boshlovchining fikriga e’tiroz bildirdi.

Aslida meni va Nurzida Isayevani 19:50 ga s’yomkaga chaqirishgandi. Nurzida singlimiz atayin 5 soat yo‘l bosib s’yomkaga kelgandi. Ammo ustozimiz Tolibjon aka atayin qildimi yoki boshqa mehmonlardan haq olgani uchunmi bizni taklif etmadi. 21:00 da tugaydigan ko‘rsatuvga 20:40 da taklif etganidan keyin jahlim chiqib ketdi, — deydi xonanda Husan.

Hamkasblari haqida keskin gapirgan Nilufar Hamidova

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan aktrisa Nilufar Hamidova Instagram sahifasiga Barchin G‘ofurova bilan bayram s’yomkalarida tortishib qolgani haqida video joyladi.

Foto: Instagram
Men aktrisalik faoliyatimni boshlaganimda Barchinoy G‘ofurova yo‘q edi. Bayram kuni hammaning oldida menga Rayhon degan aktrisa bilan hurmatsizlik qildi, — dedi aktrisa videoda.

Oradan hech qancha vaqt o‘tmay Barchin G‘ofurova ham sahifasiga video joylab, vaziyat aslida qanday bo‘lganligini izohladi.

Nilufar opa gaplarini eshitib jahlim chiqdi. Oxiri javob video chiqarishga majbur bo‘ldim. U yerda vaziyat qanday bo‘lganligini hamma ko‘rdi. Opa o‘zini juda yomon tutdi, bitta mandarin uchun shunchalik past ketishini kutmagandim. Menimcha, u insonga ko‘proq piar kerak. Uni haqorat qilganim yo‘q, shunchaki qo‘lim bilan «jim turing» ishorasini qildim xolos. Yosh aktrisa ekan deb behurmatlik qilish kerak emas. Ozgina hurmat qilishni bilsin, — deydi aktrisa Barchin G‘ofurova.

Manba: Daryo.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » 2022 yilda o‘zbek shou-biznesida kuzatilgan mojarolar: Turk aktyorlarining Toshkentdagi janjali, pichoqbozlik va oilaviy kelishmovchiliklar