Baxtiyor Abdug‘ofurning «Madaminbek» va «Uzbechka» asarlarini yaxshi bilasiz. «Uzbechka» asosida film ham ishlandi.
U yana bir film olsa arziydigan asar yozibdi — nomi «Kazbek» Osiyo arsloni». Umuman, Baxtiyorning ko‘p romanlari asosida kino qilsa bo‘ladi, chunki u tarixiy shaxslar va tarixiy voqealarni aniq, buzmasdan va badiiy bo‘yoqlardan tobida foydalangan holda ko‘z oldingizda jonlantira oladi — o‘ziga xos «lite» dokumentalistika.
Ikkinchi jahon urushining eng qaqshatqich zarbalarini qabul qilgan Belarus, Ukraina kabi mamlakatlarda partizanlik harakati haqiqiy umummilliy birlashtiruvchi g‘oyaga aylangandi. Aynan partizanlik natijasi sifatida Belarus tuprog‘i fashistlardan tozalandi deyiladi «Vikipediya»da.
«Kazbek» Belarus partizan otryadlaridan birining komandiri, yurtdoshimiz, «Sovet ittifoqi qahramoni», jasur va chapdast jangchi-partizan Mamadali Topivoldiyev haqida hikoya qiladi.
Topivoldiyev Rishtonda tug‘ilgan, urushgacha mexanizator bo‘lgan, 20 yoshida armiyaga ketib, 1941 yil endi harbiy xizmatni tugataman deb turganida urush boshlangani sabab frontda qolgan bo‘z yigit. U katta akademiyalaru harbiy maktablarni bitirgan manaman degan zobitlaru generallarning hurmatiga sazovor bo‘ladi: o‘nlab dushman eshelonlarini portlatadi, yigirmatacha nemis ofitseri va bir generalini asir olib, muhim razvedka ma’lumotlarini qo‘lga kiritadi, «Kazbek» desa dushman armiyasi titraydigan, nomi hatto Gitlergacha yetib borib, boshi uchun fyurerning o‘zi 500 ming reyx marka mukofot va’da qilgan haqiqiy arslon.
Bunday fabula har qanday yozuvchi uchun topilma. Ozgina uslubiy va badiiy bo‘yoq bersa, biografiyasining o‘ziyoq «ekshn» bo‘lgan qahramon haqidagi asar qiziqarli chiqishi tayin.
Lekin Baxtiyor Abdug‘ofur o‘ziga xiyonat qilmay, o‘sha paytdagi tarixiy voqealar, qahramonlar kechinmalari, motivlari va taqdiri haqida muqobil versiyalarni beradi. O‘quvchini tanganing har ikki tomoniga qarashga majbur qiladi.
Asardagi fashist ham, xoin ham, qahramon ham o‘z insoniy kechmishlari, nima uchun shunday qilayotganini asoslantiruvchi sabablari va fojiali taqdiriga ega. Inson ezgulik va yovuzlikni tanlar ekan, buni faqat ko‘ngilxushlik yo shaxsiy ambitsiyalar uchun qilmaydi. Har qanday yovuzlikni keltirib chiqaruvchi undanda kattaroq yovuzlik turadi ortida.
Xuddi shunday, natsistlar tomonda jang qilayotgan, bolsheviklar otasi va yaqinlarini o‘ldirgan Danilevskiy ham qaysidir ma’noda qasoskor. Yoki onasini «kommunist» zo‘rlagan Seryoja Xomutning ham o‘z kurashi va haqiqati bor. Otasini masjiddan olib chiqib osishganini ko‘rgan Muzaffarxonning «Turkiston legioni»ga nima uchun qo‘shilgani ham ayon. Xullas, urushda hech nima oppoq yo qop-qora emas. Hammasi — oqibat, sabab esa yovuzlik. Urush shu «Pandora qutisi»ni ochib yuboradi.
«Kazbek» romani faqatgina qiziqarli syujet emas, o‘ziga xos tarixiy-siyosiy qayta anglash natijasi ham. Uni o‘qib ko‘rib ideallaringizni yana bir taftish qilishga majbur bo‘lasiz.
Ba’zi e’tirozlarimni ham aytishim kerak. Romanda yakka ijobiy qahramon bor. Qolganlar qusurli, «Kazbek» qusursiz. U nimagadir hech xato qilmaydi. Aslida xatolari va ulardan qilgan xulosalari qahramon portretini yanada serbo‘yoq qilardi, nazarimda.
Romanda ayollar obraziga juda kam o‘rin berilgan, xiraroq ishlangan. Birgina Mamadali Topivoldiyevning hayotini saqlab qolgan ayol — do‘sti Vanyaning onasi obrazini olaylik. Tarixdan ma’lumki, yaralangan M.Topivoldiyevni Anna Vasilevna o‘zining yashirgan pullari va buyumlarini bisotidan chiqarib sotib davolaydi. Jonini xatarga qo‘yib qahramonni fashistlardan yashiradi. Ayolning o‘g‘illari, hatto Vanya ham urushda o‘lib ketadi. Mamadali uning yagona o‘g‘li bo‘lib qoladi. Urushdan keyin ham uni doim yo‘qlab turadi, unga uy qurib beradi. Hozirda Anna Vasilevnaning nevaralari shu uyda yashashadi. Anna ona O‘zbekistonga ko‘p kelib, Rishtondagi tutingan o‘g‘linikida (hatto Topivoldiyev o‘lib ketgach ham) har yili 9 mayni nishonlaydi.
Bu turli siyosiy evrilishlar ham xiralashtira olmagan yorqin insoniy munosabatlardir.
Umuman, «Kazbek» romani meni shunday qahramon bir vatandosh tufayli g‘ururlanishim, faxrlanishim, boshimni baland ko‘tarishimga sabab bo‘ldi.
Sizga ham romanni tavsiya qilaman.
Shahnoza Soatova
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi