16:04 / 28.05.2023
296

Gollivud yulduzlarining yashirin qo‘rquvlari (foto)

Gollivud yulduzlarining yashirin qo‘rquvlari (foto)

Biror marta bo‘lsa ham erishgan narsangizga loyiq emasligingizni his qilganmisiz? Agar javobingiz ha bo‘lsa, sizda “qalloblik” sindromi bo‘lishi ehtimoli katta. Gap shundaki, bunday sindromga chalingan odam o‘zini boshqalar oldida yolg‘onchi, firibgardek his qiladi. Go‘yoki u hammani aldab yuribdi-yu, kun kelib barchasi oshkor bo‘ladi — xuddi Natali Portman, Penelopa Kruz, Tom Xardi, Kara Delevin va boshqa mashhur shaxslar kabi.

Penelopa Kruz (CBS telekanaliga bergan intervyusida): “Har safar yangi loyiha suratga olinayotganida birinchi marta suratga tushganimdagi tuyg‘uni his qilaman. Har safar men ishdan bo‘shatishadi degan qo‘rquvni his qilaman. Hazillashayotganim yo‘q, chindan ham shunday. Navbatdagi filmni suratga olishning birinchi haftasida o‘zimni haydab yuboriladiganday his qilaman”.

Foto: Getty Images

Keyt Uinslet (The Mirror nashriga bergan intervyusida): “Boshqalar men haqimda nima deb o‘ylashlari men uchun haligacha muhim. Men rol o‘ynashni yaxshi ko‘raman va har doim bor kuchimni berishga harakat qilaman. Ammo hozir ham katta sahnalar meni qo‘rqitadi. Menda darhol: “Xudoyim, men iste’dodli emasman, endi buni hamma bilib qoladi. Ular kastingda meni tanlab noto‘g‘ri qilishdi”, degan o‘y paydo bo‘ladi”.

Foto: Getty Images                                                                                                                        

Jodi Foster (“Ayblanuvchi” filmida eng yaxshi ayol roli uchun “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritgani haqida): “Men buni shunchaki tasodif deb o‘yladim. Yel kampusiga birinchi bor kirganimda ham xuddi shunday tuyg‘uni his qilgandim. Hamma narsa hozir oshkor bo‘ladi va ular “Oskar”ni qaytarib olishadi deb o‘ylaganman”.

Foto: Getty Images

Emma Uotson (Rookie’ga bergan intervyusida): “Menimcha, men qanchalik yaxshi ish qilsam, o‘zimni shunchalik yomon his qilaman, chunki har doim kimdir mening “firibgar” ekanligimni va bunga loyiq emasligimni tushunib qolishi mumkin, deb o‘ylayman. Men har doim ham boshqalarning o‘zimga bo‘lgan umidlarini oqlay olmayman. Ajablanarlisi shundaki, ba’zida muvaffaqiyat hayotni hayratlanarli darajada o‘zgartirib yuboradi, lekin ba’zida bu juda asabiylashtiradi: siz o‘zingizni qanday qabul qilayotganingizni va butun dunyo sizni qanday qabul qilishini tushunishga harakat qilasiz”.

Foto: Getty Images                                                                                                                            

Kara Delevin (Time, Motto): “Qilayotgan ishingiz bilan odamlarni xursand qilish uchun qo‘lingizdan kelganicha harakat qilsangiz-u, ammo ular hamon sizdan norozi bo‘lsa, o‘ylab qolasiz: “Men qo‘limdan kelganini qildim. Men butunlay charchadim. Sizga doimo boshqalarning hafsalasi pir bo‘layotganday tuyuladi, keyin savol tug‘iladi: “Men o‘zi nima qilmoqchiman? Bularning barchasi kim uchun? Biroz vaqt o‘tgach, ish va boshqalarning e’tirofi hayotdagi eng muhim narsa emasligini tushuna boshladim. Albatta, karyera muhim, ammo bu hamma narsa degani emas. Ha, men o‘z ishim bilan faxrlanaman, lekin undan cheksiz baxtni his qilaman, deb ayta olmayman”.

Foto: Getty Images

Natali Portman (Garvard talabalari oldidagi nutqidan parcha): “Bugun, o‘qishni bitirganimdan 12 yil o‘tib, tan olishim kerakki, men hali ham o‘zimni qadrlay olmayman. Hozir ham 1999-yilda Garvardda o‘qiy boshlaganimdagi kabi tuyg‘uni his qilyapman. O‘shanda menga nimadir noto‘g‘ridek tuyulgan – men bu yerda bo‘lishga loyiq emasman va har safar gapirish uchun og‘iz ochganimda, shunchaki ahmoq aktrisa emasligimni isbotlashim kerak edi. Ba’zida ishonchsizlik va tajribasizlik sizni boshqa odamlar tomonidan qo‘yilgan standartlar va umidlarga intilishingizga olib keladi. Ammo siz tajribasizligingizdan o‘z yo‘lingizni topish uchun foydalanishingiz mumkin — bu boshqalar tomonidan aytilmagan, lekin siz belgilagan yo‘l”.

Foto: Getty Images

Tom Xardi (Esquire nashriga bergan intervyusida): “Menimcha, odamlar nega mendan intervyu olishlariga hayron bo‘lishsa kerak. Bu tishlari qiyshiq soqolli odam kim ekan, deb o‘ylashadi, nazarimda. Sizga bir gap aytaman: hech kim muqovasida soqolli odam rasmi bor jurnalni sotib olmaydi”.

Foto: Getty Images

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Gollivud yulduzlarining yashirin qo‘rquvlari (foto)