14:16 / 14.08.2023
1 494

Yetimlikda ulg‘ayib, ichki ishlar xodimi bo‘lishni istamagan Yorqinxo‘ja Umarov 31 yoshda

Foto: Instagram / @yorkinumarov  

O‘zgacha yo‘nalishdagi qo‘shiqlari bilan tinglovchilar e’tiboriga tushgan Yorqinxo‘ja Umarov bu yil 31 yoshni qarshiladi. U ijodda ba’zi hamkasblariga nisbatan tezda mashhurlikka erishgan bo‘lsa-da, shaxsiy hayotida ko‘pgina qiyinchiliklarga uchragan. Otasining erta vafoti sabab, nafaqat u, balki oilaning barcha a’zolari moddiy va ma’naviy jihatdan qiynalishgan. Shu bois u bolalikdan onasi va singlisiga suyanchiq bo‘lishga uringan.

“Dadasi o‘lgan kun...”

Yosh xonanda Yorqinxo‘ja Umarovning onasi Zohida Umarova ham bir paytlar mashhur xonanda bo‘lgan. Afsuski, turmush o‘rtog‘ining vafoti sabab san’atdan ketishga qaror qilgan. O‘g‘li Yorqinxo‘ja Umarov esa onasining armonlarini ro‘yobga chiqarishga ahd qilgan.

— 1998 yilning 8 sentabr kuni tushdan keyin qattiq shamol bo‘ldi. Men oshxonada dadamiz yaxshi ko‘radigan baqlajonli ikra tayyorlayotgandim. Birdan ko‘tarilgan kuchli shamol hamma yerni alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordi. Qaynonamga qarab “Yaxshi odam o‘ldi, shekilli”, dedim. Qaynonam gapimga hayron bo‘ldi. “Sentabrda bunday shamol bo‘lmasdi-da”, dedim. Yorqinxo‘ja 5 yoshda edi, bog‘chaga ketgandi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, dadamiz avtohalokatga uchrab vafot etgani haqida xabar keldi. Bir zumda uyimizga tumonat odam to‘plandi. Farzandlarim u paytda ancha yosh edi, ular otasining vafot etganini bilgani ham yo‘q. Men esa ko‘p o‘tmay yolg‘iz ayolga qanchalar qiyin bo‘lishini anglaganman. Turmush o‘rtog‘im vafot etgan kun mening baxtsizlik davrim boshlangan.
Eng alam qiladigani — yolg‘iz ayolga boshqacha munosabatda bo‘lishadi. Hatto qarindosh-urug‘larning ham munosabati o‘zgardi. Hatto erlarini qizg‘anadiganlar ham bo‘ldi. “Bu san’atkor-da”, deb yovqarash qilganlarni-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Farzandlarimni birovdan kam qilmaslik uchun hayotda ikki rolni o‘ynadim. Ya’ni ular uchun ham ona, ham ota bo‘ldim, — deydi Zohida Umarova.

“Tanaffus paytida yo‘qolib qolardim”

Yorqinxo‘ja Umarovga otasining yo‘qligi har qadamda sezilardi. Boisi, kichik oila ko‘plab moddiy qiyinchiliklarga uchrar, onasi san’atdan ketganidan so‘ng oilaning tirikchilik manbai ham uzilgandi.

Foto: Instagram / @yorkinumarov

— Onamdan biron marta pul so‘ragan bola emasdim. Bersa olardim, bermasa pulim yo‘qligini aytmasdim. Tanaffus payti yaqinlashishi bilan “yo‘qolib” qolishga harakat qilardim. Chunki sinfdoshlarim oshxonaga borib nimadir xarid qilishardi. Hatto ularga ham pulim yo‘qligini bildirishni istamasdim. Juda ko‘p moliyaviy qiyinchilikka uchraganmiz, shu bois 4-sinfimdan boshlab ishlashga qaror qilganman. O‘sha paytlarda simyog‘och va ko‘p qavatli uy eshiklariga e’lonlar yopishtirilardi. Men ham shunday ishga joylashib, pul ishlaganman. Piyoda yuraverib oyoqlarim og‘rib ketardi, — deydi xonanda.

“Ichki ishlar xodimi bo‘lishni istamadim”

Zohida Umarova san’atkor bo‘lsa-da, o‘g‘lining ham shu kasbni egallashini istamaydi. U otasi kabi ichki ishlar xodimi bo‘lishini orzu qilardi.

Foto: Instagram / @yorkinumarov

— Onam ichki ishlar xodimi bo‘lishim uchun rosa harakat qilgan. Avvaliga onamning qarori to‘g‘ridir deb bilganman, ammo baribir ichki xohishimga qarshi chiqolmaganman, — deydi xonanda Yorqinxo‘ja Umarov.

“Rus va ingliz tilini bilaman”

Xonanda xorij tillaridagi qo‘shiqlarni ham ijro etadi. U xorij tillarini biladimi yoki...

Foto: Instagram / @yorkinumarov

— Bolaligimda o‘zbek maktabda o‘qiganman, ammo rus millatiga mansub do‘stlarim ko‘p bo‘lgan. Keyin institutning rus guruhida o‘qidim. Bolalikdan esa ingliz tilini o‘rganishga harakat qilganman. Hozirgi kunda rus va ingliz tillarida erkin muloqot qila olaman, — deydi xonanda Yorqinxo‘ja Umarov.

“The cover up”da ishtirok etishni istamagandim

“The cover up” loyihasi g‘olibi bo‘lgan Yorqinxo‘ja Umarov aslida unda ishtirok etishni istamagani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Instagram / @yorkinumarov

— “Sulola” jamoasini tashkil etgandan keyin xorijda, xususan Xitoyda o‘tkaziladigan festivallar haqida ma’lumot to‘plashni boshlaganman. “Xorij festivallarida tajriba orttirib qaytamiz”, deb niyat qilgandim. Ammo jamoamiz a’zosi Nodir aka “The cover up” loyihasi haqida eshitib, unda qatnashishni taklif qilgan. “Nima keragi bor, ketaylik”, deganman. Xullas, u bir amallab ko‘ndirgan va ilk ko‘rsatuvdan keyin qiziqishim kuchayib ketgan. Keyin faqat g‘olib bo‘lish fikri bilan yashaganman, — deydi xonanda Yorqinxo‘ja Umarov.

Uylanmasligining sababi nimada?

Xonanda shu kungacha oila qurmayotganining sabablari va hamkasbi Afro‘za bilan munosabatlariga ham oydinlik kiritib o‘tgan.

— Oilamizdagi yolg‘iz erkak, ota o‘rnidagi mas’ul shaxsman. Yaqindagina singlimni uzatdik. Undan avval uylanishni istamadim. Nasib qilsa, endi onamga yaxshi hamsuhbat bo‘ladigan, xizmatlarini qilib, duosini oladigan qizga uylanaman.

Afro‘za bilan ishqiy munosabatimiz yo‘q. Odamlar bizni ishqiy juftlik sifatida ko‘rishadi. Bu haqda bir necha marta so‘rashgan, yo‘q degan javob ham berganman, baribir yana va yana shu savol takrorlanmoqda. To‘g‘risini aytaman, Afro‘za bilan, umuman, ishqiy munosabatimiz yo‘q. Afro‘za hamkasbim, uni singlimdek ko‘raman, — deydi xonanda Yorqinxo‘ja Umarov.

U nimadan qo‘rqadi?

Xonandaning fobiyasi bormi? Bu savol ko‘pchilikni o‘ylantirsa kerak. U nimadan ko‘proq qo‘rqishi haqida ham aytib o‘tgan.

Foto: Instagram / @yorkinumarov

— Yoshligimda tomga chiqqanimda baland panjarali joy turgan ekan. Balandlikdan yaxshigina qo‘rqqanman. Nima sababdan bundan qo‘rqishimni bilmayman, balandlikdan pastga qaragan paytim yuragim orqaga tortib ketadi”, — deydi xonanda.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Yetimlikda ulg‘ayib, ichki ishlar xodimi bo‘lishni istamagan Yorqinxo‘ja Umarov 31 yoshda