19 sentyabr kuni o‘zbek san’ati ixlosmandlari yana bir yulduzli to‘yning guvohi bo‘ldi. Yosh xonanda Yorqinxo‘ja Umarov O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning uchinchi qizi Zinnuraga uylandi.
Ozodbek Nazarbekovning Yunusobod tumanida joylashgan hovlisi maxsus dekoratsiyalar bilan bezatildi. Qiz kuzatish marosimida o‘zbek shou-biznesining taniqli vakillari, xususan Alisher Fayz, Ozoda Nursaidova, Bahrom Nazarovlar jonli qo‘shiqlar ijro etib, xizmatda bo‘lishdi.
Kuyov— Yorqinxo‘ja Umarovning xonadonida ham Islom Farmonov, Farrux Fazel, G‘aybulla Tursunov va boshqa san’atkorlar sho‘x qo‘shiqlari bilan mehmonlarni xushnud etdi.
Yorqinxo‘ja kelinnikiga yo‘l olishdan avval onasi Zohida Umarovaga maxsus taklifnoma hamda tilla zanjir sovg‘a qildi.
Ikki yoshning visol oqshomi poytaxtdagi restoranlardan birida bo‘lib o‘tdi. Tantanaga Dilnoza Kubayeva, Rixsitilla Abdullayev, Zara Shirinova, Jamshid Umrzoqov va Davron Kabulovlar boshlovchilik qildi.
Kelin-kuyovni Ziyoda “Kelibdi” qo‘shig‘i bilan to‘yxonada qarshi oldi. Shundan so‘ng Alisher Fayz, Ulug‘bek Rahmatullayev, Muhammadziyo, Hamdam Sobirov va boshqa san’atkorlar yoshlarga iliq tilaklarini bildirib, davrada qo‘shiqlar ijro etishdi.
Yorqinxo‘janing onasi Zohida Umarova kelgan barcha mehmonlarga minnatdorlik bildirib, shou-biznes vakillariga o‘g‘lini yolg‘izlatib qo‘ymagani uchun alohida tashakkurini izhor etdi.
Oilasi bilan Dubayda hordiq chiqarayotgan Munisa Rizayeva Yorqinxo‘janing to‘yiga kechikib bo‘lsa ham yetib keldi. Yorqinxo‘janing o‘zi ham O‘zbekiston xalq artisti G‘ulomjon Yoqubov bilan duet kuyladi.