“Hayotimda qilgan eng yomon ishim shu bo‘lgan”. Nigora Abdullaxonova o‘zini o‘ldirishga uringani haqida
“Afandining qizlari” guruhidagi ishtiroki bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish aktrisa Nigora Abdullaxonova “Yashin tv” YouTube kanaliga bergan intervyusida 18 yoshida joniga qasd qilishga uringani haqida so‘zlab berdi.
— 18 yoshimdan taqdir taqozosi bilan yolg‘iz yashay boshlaganman. Bu holatdan juda qattiq depressiya holatiga tushib qolganman. Hatto o‘z jonimga qasd qilishga ham uringanman. Yolg‘izlik qo‘rqinchli narsa. Kutilmaganda bo‘lib qolsa, o‘zingiz birdan yolg‘iz bo‘lib qolsangiz — bu juda yomon narsa. Masalan, odam qamalganida bitta o‘zi o‘tiradi, bu holatdan ular tarbiyalanib boshqacha odam bo‘lib chiqishadi. Tasavvur qiling, siz qamoqda emas, ochiqda, insonlar orasida yolg‘iz bo‘lib qolsangiz, bu juda qiyin jarayon. Bu inson psixikasiga juda yomon ta’sir o‘tkazar ekan.
O‘zimni o‘dirishga urinish — men hayotimda qilgan eng yomon ishim. Xudoni o‘zi kechirsin. Bu ishimdan afsuslanaman. Yaxshiyamki, bu vaziyatdan meni qutqarib qolishgan. Bizga qachon tug‘ilishimiz va qachon vafot etishimiz belgilab berilgan, bizga berilgan hayotni uzib qo‘yishga bizning haqqimiz yo‘q. Bu qilmishim uchun yillar davomida kechirim so‘rab kelaman.
Atrofimizdagi tanishlarimizga juda e’tiborli bo‘lishimiz kerak. Agar inson o‘sha narsani qilishni xohlasa, sizdan maslahat so‘ramay qiladi. Misol uchun, bundan 2-3 yil avval xorijlik taniqli san’atkor kechki payt do‘stlari bilan yaxshi kayfiyatda gaplashib o‘tirgan va erta tongda o‘z joniga qasd qilgan. Uning hamma narsasi bor edi. Mashhurligi, puli, oilasi. Lekin uning ichida uni yashashga qo‘ymagan nimasidir bo‘lgan. Har bir insonda bemalol yuragini ocha oladigan kimdir bo‘lishi kerak, — deydi aktrisa.
Shuningdek, Nigora Abdullaxonova “Afandining qizlari” guruhi bo‘linishi haqidagi savollar haliyam tinmayotgani haqida ham gapirib o‘tdi.
— “Afandining qizlari” guruhi faoliyatini to‘xtatgani uchun odamlar bizni kechira olmayapti. Ammo guruh faoliyatini to‘xtatganiga 1 yildan oshdi. Biz uchalamiz ham o‘z ishlarimiz bilan uch tomonga ketdik. Hamma narsaning boshi va oxiri bo‘ladi. Shaxsan o‘zimning qizlarga hech qanday yomonligim yo‘q. Men ularga rahmat deyman. Agar ular bilan bog‘liq vaziyatlar bo‘lmasa, men bugungi men bo‘lmasdim. Ular mening kimligimni o‘zimning oldimda ko‘rsatib qo‘yishdi.
Guruh tugatilganidan keyin Muborak va Nigora bir muddat ijod qilishdi. Men bundan xursandman. Agar bir-biriga xarakteri to‘g‘ri kelsa, ijodni davom ettiraverishsin. Ularga faqat omad tilayman.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring