Taniqli aktyor Dilshodbek Kattabekov “Omon-mon” ko‘rsatuviga bergan intervyusida rafiqasi bilan qanday tanishgani haqida so‘zlab berdi.
“O‘zbek shou-biznesida uylanmagan men qolgandim. Shuning uchun hamkasblar, ustozlar 4-5 yildan beri qachon uylanasan, deb so‘rashayotgan edi. Shu yilga nasib qilgan ekan. Bizda ko‘pchilikda bo‘lganidek sevgi tarixi bo‘lmadi. Onam va xolalarim anchadan beri menga qiz izlashardi. Yillar davomida rosa ko‘p uchrashuvga chiqaverib, tajribam oshib qoldi. Yosh o‘taverganidan keyin injiq, odam tanlaydigan bo‘lib qolarkansiz. Avgust oyida xolam qo‘shnisining qizi bilan uchrashib ko‘rishni tavsiya qildi. Borib, qiz bilan ko‘rishib, 10 daqiqacha gaplashib o‘tirib, bir-birimizga ma’qul bo‘ldik. Shunday qilib to‘yimiz bo‘lib ketdi”, — deydi aktyor.
Dilshodbek Kattabekov oxirgi paytlarda film va seriallarda suratga tushmayotgani sababi haqida ham gapirib o‘tdi.
“Film va seriallarda ancha bo‘ldi, suratga tushmayapman. Oxirgi rol ijro etgan filmim “Mahallada duv-duv gap 2” bo‘ldi. Hozir ham takliflar bo‘lyapi. Uyda ham 2-3 ta ssenariy turibdi. Lekin hozir avvalgidek yaxshi loyihalar yo‘q. “Kichkina tabib”, “Muhabbat sinovlari” ga o‘xshagan ssenariylar yo‘q. Shuning uchun ekranlarda ko‘rinmay turibman. Bundan tashqari shaxsiy hayotimga vaqt ajratganim uchun san’atdan bir oz uzilib qoldim”, — deydi Dilshodbek.
U shuningdek, o‘zini elga tanitgan kinofilm — “Kichkina tabib” ga qanday tanlab olingani haqida ham so‘zlab berdi.
— “Kichkina tabib” filmiga 100 nafar bola kasting topshirgan. Ota-onamga “Bir olib borib ko‘ringlar, zora o‘tib ketsa”, deyishgani uchun meni ham sinovga olib borishgan. 50 dan 20 ta, 20 tadan 10 ta, 10 tadan 5 ta bola qolib, oxirida meni tanlab olishgan. Har kuni bizga har xil so‘zlarni berishardi. Uyga borib har kuni oynaning oldida turib, so‘zlarni yodlab, holatga kirib o‘ynab berardik. Hozir esa bu jarayonlar oson bo‘lib qoldi. Aktyorga suflyorlar yordam beradi. U paytda esa filmlar kinotasmaga suratga olinardi. Hozirda esa kompyuterda “Delete” tugmasi bosib, kerakmas kadr o‘chirib yuboriladi. U paytda bunaqa imkoniyat bo‘lmagani uchun aktyorlar so‘zlarini yod olib, bitta dublda holatni chiqarib berishga urinishardi, — deydi aktyor.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring