«Quda bo‘lamiz» degan hazil haqiqatga aylandi: Dilso‘z oilasi haqida gapirdi (video)

Xonanda Dilso‘z intervyularidan birida turmush o‘rtog‘i bilan qanday tanishgani va bu munosabatlarda taqdirning o‘rni haqida gapirdi.
Suhbat davomida boshlovchi xonandadan turmush o‘rtog‘ini tanlashda taqdirga qanchalik ishonishi haqida so‘radi. Shuningdek, ularning onalari yoshlik paytidayoq bir-biri bilan tanish bo‘lib, kelajakda quda bo‘lish haqida hazillashib niyat qilganini eslatdi.
Dilso‘zning aytishicha, uning onasi va qaynonasi bir oyda tug‘ishgan, bir joyda ishlagan va o‘zaro dugona bo‘lgan. O‘sha paytlarda ular farzandlari hali dunyoga kelmagan bo‘lsa-da, hazil tariqasida «Menda qiz, senda o‘g‘il bo‘lsa, quda bo‘lamiz», deya niyat qilishgan.

«Har bir gapga farishta “omin” deydi, deyishadi-ku. Chiroyli va chin dildan niyat qilsangiz, u amalga oshar ekan. Onam bilan qaynonam yoshliklarida bir-birlariga “quda bo‘lamiz” deb hazillashishgan. Biri “menda qiz”, biri “menda o‘g‘il” degan. Yillar o‘tib, qarangki, taqdir», — dedi xonanda.
Qizig‘i, Dilso‘z va Farrux Raimov keyinchalik san’at sohasida tanishgan. Xonandaning so‘zlariga ko‘ra, ular kollejda o‘qib yurgan paytlarida bir-birini tanib, o‘rtalarida muhabbat paydo bo‘lgan.
Dilso‘zning ta’kidlashicha, ularning tanishuvi onalarining avvalgi niyati orqali emas, balki taqdir taqozosi bilan sodir bo‘lgan.
«Oyijonim, ya’ni qaynonam “men o‘zi shu qizni senga olib beraman deb avvaldan aytganman" deganlar. Lekin biz onalarimiz orqali tanishmaganmiz. Taqdir taqozosi bilan uchrashib, oramizda sevgi paydo bo‘lgan», — deya xotirladi Dilso‘z.
Xonanda bu voqeani hayotdagi samimiy niyatlar va taqdirning qiziq uyg‘unligi sifatida baholadi.

Ma’lumot uchun, Go‘zal Jumaniyozova (Dilso‘z nomi bilan tanilgan) 1989 yil 8 mayda Navoiy viloyatining Navoiy shahrida tug‘ilgan. Dilso‘z ijodkor Farrux Raimovning turmush o‘rtog‘i hisoblanadi.






























Izohlar 0
…