18:08 / 18.12.2023
876

Jahongir Xo‘jayev o‘qishdan haydalgani va Asal Abdullayevaga o‘zbek tilidan ustozlik qilganini aytdi

Foto: Instagram / @jahongir_xojayev

“Aristokratlar” jamoasi sardori Jahongir Xo‘jayev Youtubedagi “Chotki Tv” kanaliga bergan intervyusida nega tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, oilasining doimiy daromadi bo‘lmagani va Bahodir Yo‘ldoshev maktabidan haydalgani haqida gapirdi.

— Yoshligimdan mashhur sanʼatkor bo‘lishni orzu qilganman, ammo pitssaxonalar ochishni xayolimga keltirmaganman. Chunki bu yerni kimnidir puliga ochmaganman, homiyim yo‘q. Hatto, mana shu pitssaxonaning ochilishida o‘zimga-o‘zim “Shu ishni uddalay oldim-a?” deb yig‘lab olganman.

Xolam Mavluda Asalxo‘jayeva har doim “To‘yga qarab qolmaslik uchun sanʼatkorning biror biznesi bo‘lishi kerak”, deb ko‘p aytadi. Sanʼatkorlar oilasida ulg‘ayganim uchun ham bu holatni juda yaxshi bilaman. Sanʼatkorlar oilasida shunaqa kunlar bo‘ladiki, Ramazon oyida uyda bir so‘m pul bo‘lmay qolishi mumkin. Onam maktabga ketayotganimizda kam pul berib “Vaziyatimiz shunday, amallab ishlatib turasizlar”, derdi. O‘shanda nega sanʼatkorlar doimiy daromadga ega emas deb ko‘p o‘ylardim. Ko‘p sanʼatkorlar, xalq artistlari ijara uyda yashaydi. Yoki bir xonali uyda turadi. O‘shanda men tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman va sanʼatimni pulga almashib yubormayman, deb niyat qilgandim. Sanʼatkorning muqobil daromadi yo‘q, shuning uchun ham u insonlar bu oy pulni yetkaza olamanmi yoki yo‘qmi degan havotir bilan yashaydi. Shu sabab ham qo‘shiqchi bo‘lmaganman. Xonandaning asosiy daromadi to‘ydan bo‘lgani uchun u hamisha kim xizmatga aytarkin, deb kutib yashaydi.

15-16 yoshimda oshxona biznesini yo‘lga qo‘yaman, deb reja qilardim. Institutda o‘qib yurgan paytimda Yusuf ismli sinfdoshim Xitoydan o‘qib qaytdi. U tadbirkorlik bilan shug‘ullanish taklifini berdi. Boshida albatta qiyinchilik bo‘lgan. Tekshir-tekshirlar, negativlar juda ko‘p bo‘lgan. Pitssaxona faoliyati bunchalik rivojlanib ketadi, deb o‘ylamagandim. Mijozlar ko‘pligidan jamoadagi yigitlar bilan bodring to‘g‘rab o‘tirgan kunlarimiz ham bo‘lgan, — deydi Jahongir Xo‘jayev.

Jahongir Xo‘jayev rejissor Bahodir Yo‘ldoshev maktabidan haydalganida ko‘ziga yosh olgani haqida ham aytib berdi.

Foto: Instagram / @jahongir_xojayev

— Kollejda o‘qib yurganimda, Bahodir Yo‘ldoshev ijod maktabiga qabul qilingandim. U yerda qonun-qoidalarga jiddiy amal qilinardi. Yaʼni uch marta dars qoldirsangiz, maktabdan haydalasiz. Kech qolsangiz esa g‘azal yodlab berish kerak. G‘azal yodlash men uchun qiyin edi, chunki bugun yodlagan sheʼrim ertasi kuni esimdan chiqib qoladi. U yerda tartibga shunchalik jiddiy qaralardiki, oddiy dars vaqtida kulib yuborgani uchun ham haydalganlar bor. Xullas, ikki yarim yil haftasiga yetti kun darslarga qatnaganman va ikki kun dars qoldirganman. Kollejdan 58-avtobusga o‘tirib, mashg‘ulotga borardim. Tinimsiz harakat sabab juda ozib ketgandim, umuman halovatim yo‘q edi. Institutga o‘qishga kirib, imtihon sabab bir kun darsga borolmadim. Shu bilan qoldirilgan darslar soni uchtaga yetdi. Mashg‘ulotga kelsam “Siz o‘qishdan haydaldingiz”, deyishdi. Ishonasizmi, o‘sha yerda yig‘lab yuborganman. Vaziyatni tushuntirishga harakat qilganman, ammo foydasi bo‘lmagan. Yig‘lab Markaz 1 dan to Chilonzorga qadar piyoda ketganman. Ertasi kuni o‘qishdan haydalganim esimda yo‘q, yana mashg‘ulotga kelganman. Chunki har doim o‘sha soatda Bahodir Yo‘ldoshevning ijod maktabida bo‘lish odat tusiga aylanib qolgandi, — deydi Jahongir Xo‘jayev.

Jahongir Xo‘jayev ilk marta turmush o‘rtog‘i Asal Abdullayeva bilan qanday tanishgani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Instagram / @jahongir_xojayev

— “Dance” degan ko‘rsatuvimiz bor edi. Asal boshlovchilikka kasting asosida kelgan. Uni umuman tanimasdim. Rostini aytsam, avvaliga Asal o‘zbek tilida gapirishga juda qiynalgan. Chunki u rus tilida tahsil olardi. Unga ustozlik qilib, o‘zbekchani ham o‘rgatganman. Shu bilan munosabatlarimiz yaqinlashgan, — deydi Jahongir Xo‘jayev.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Jahongir Xo‘jayev o‘qishdan haydalgani va Asal Abdullayevaga o‘zbek tilidan ustozlik qilganini aytdi