20:26 / 07.08.2024
104

Netflix'ning top-3 filmlari reytingidan o‘rin olgan hind filmi

Netflix'ning top-3 filmlari reytingidan o‘rin olgan hind filmi
Foto: Netflix
Kino tarixidagi ko‘gillarni larzaga soladigan va ko‘z yoshlarni tiyishga yo‘l bermaydigan filmlarni eslasangiz, albatta, ko‘z o‘ngingizga “Xatiko” hamda “Forrest Gamp” kabi filmlar keladi. Darhaqiqat, imkoniyati cheklangan odamlar va turli kasalliklarga chalingan bemorlar haqidagi filmlar doimo eng ta’sirli bo‘lib kelgan.

Bugungi kunda Netflix platformasida top-3 ta eng ko‘p ko‘rilgan filmlar orasida hind kino sanoatiga tegishli ajoyib film yetakchilik qilmoqda. Ushbu loyiha Netflix'da joriy yilning ingliz tilida bo‘lmagan ilk muvaffaqiyatli loyihasi bo‘lib, millionlab tomoshabinlar tomonidan yuqori baholanib kelmoqda.

Film “Shrikant” deb nomlanadi. Unda 33 yoshli tadbirkor Shrikant Bollning murakkab va ziddiyatli voqealarga to‘la hayoti haqida hikoya qilinadi. Farzandi dunyoga kelganida ota-onaning quvonchi ko‘kka yetgan edi, ammo bu xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi. Ma’lum vaqtdan so‘ng shifokorlar bolaga dahshatli tashxis qo‘ydilar — Shrikant ko‘zlari ko‘rmaydigan holda tug‘ilgan edi.

Foto: Netflix
Shundan so‘ng ularning oilasiga turli “maslahatlar” yog‘ila boshladi, hatto bolani mehribonlik uyiga topshirish kerakligi haqida uqtirgan shaxslar ham bo‘ldi. Ammo Shrikantning ota-onasi bunday nomaqbul takliflarning hech qaysi biriga quloq solmadi va chaqaloqqa bor mehrini berib, parvarish qila boshladi.

Shrikant o‘z navbatida a’lo baholarga o‘qidi va muvaffaqiyatli inson bo‘lib yetishdi. Hayot yo‘lidagi qiyinchiliklarga qaramay, u Bollant Industries deb nomlangan ekologik toza bir martalik idishlar ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyaga asos soldi.

Foto: Netflix
Film ko‘plab motivatsiya beruvchi iqtiboslar va oxirida ko‘z yosh to‘kadigan sahnalarga boy emas. Unda bosh qahramon muammoga o‘zgacha nazar bilan boqishni o‘rgatadi hamda eng yomon holatlarda ham o‘z ustidan hazil qila olishi bilan ajralib turadi. Tomoshabin qahramonga achinib, yig‘lay boshlaydigan bir paytda Shrikant yumor orqali ko‘tarinki kayfiyat beradi.

Foto: Netflix
“Shrikant” filmining premerasi may oyining oxirida bo‘lib o‘tgan bo‘lsa-da, IMDb reytingida u 7,5 ballga ega. Uning butun dunyo bo‘ylab kassa tushumlari bor-yo‘g‘i 137 508 dollarni tashkil etadi. Shunday bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari film va bosh qahramon haqida maqtov va olqishlarga to‘la sharhlar qoldirishda davom etmoqda.

Film hozircha faqat hind tilida mavjud bo‘lib, ingliz tilida subtitrlar yordamida tomosha qilish mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Netflix'ning top-3 filmlari reytingidan o‘rin olgan hind filmi