00:13 / 14.11.2024
38

Burak O‘zchivit muxlislarini qiziqtirgan savollarga javob berdi

Burak O‘zchivit muxlislarini qiziqtirgan savollarga javob berdi
“Muhtasham yuz yil”, “Sevgi iztirobi”, “Choliqushi” seriallaridagi rollari bilan tanilgan aktyor Burak O‘zchivit Rossiyada bo‘lib o‘tgan “Znaniye. Pervie” (“Bilim. Birinchi”) nomli marafoniga taklif etildi. Butunjahon yoshlar festivali doirasida bo‘lib o‘tgan tadbirda turk seriallari yulduzining qiziqarli savollarga bergan javoblarini keltirib o‘tamiz.

Foto: Fest2024.com
— Burak, millionlab ayollar sizni yaxshi ko‘rishlarini bilasizmi?
— Ha, (kuladi) men ham ularni juda yaxshi ko‘raman.

— Sizningcha, nega turk seriallari bu qadar mashhur bo‘lib ketdi? Menimcha, aynan “Muhtasham yuz yil”dan keyin Turkiyaga sayyohlar oqimi ko‘paydi.
— To‘g‘ri aytasiz. Aslida kino juda muhim axborot manbai. “Muhtasham yuz yil” seriali turk kinematografiyasi tarixida chinakam burilish davrini boshlab berdi. Uning turli mamlakatlarda birdek mashhurligi butun dunyodagi insonlarning his-tuyg‘ulari qanchalik o‘xshash ekanligini tasdiqladi. Seriallar orqali biz barchaga o‘ziga xos sevgi xabarini yo‘llashimiz mumkin. O‘ylaymanki, bu tuyg‘u har bir yurakka yetib borish imkonini beradi.

Foto: Fest2024.com
— Joriy yil “Archalar” filmida suratga tushdingiz. Bu mamlakatimizda katta qiziqish bilan kutilayotgan an’anaviy Yangi yil bayrami serialidir. Rossiyalik hamkasblar bilan ishlash sizda qanday taassurotlar qoldirdi?
— Hayotimda birinchi o‘rindagi narsa bu oila, ikkinchisi qo‘shnilar bilan yaxshi munosabat qurish. Qo‘shnilar bir-biri bilan doimiy muloqotda bo‘lishi kerak, deb hisoblayman. Biz mehrimizni avvalo oilamizga, keyin qo‘shnilarimizga ulashamiz. Rossiya Turkiyaning eng yaqin qo‘shnilaridan biridir. Shu bois, “Archalar” filmida suratga tushishni taklif qilishganda men darhol rozi bo‘ldim. Afsuski, kunlik ish jadvalim juda band bo‘lgani uchun men kichik rol ijro etishga majbur bo‘ldim. Taassurotlarga kelsak, men Turkiyada suratga olish ishlari bilan bu yerdagi syomka jarayonida farqni sezmadim.

— Bolaligingizda Betmen bo‘lishni istagan ekansiz. Bizda hamma aktyorlar Gamletni o‘ynashni orzu qiladi, degan hazil bor. Siz qanday rolni ijro etishni doim istagansiz?
— Gamlet? Bu obraz sizlar uchun eng qiziqarli ekanini bilmas edim. Bizda esa Bali Bey rolini ijro etish super qahramon Betmenga aylanishni anglatadi. Sevimli rollarimdan biri bu “Sevgi iztirobi” serialidagi Kamoldir. Ammo shunga qaramay, men bu rolga qaytishni istamayman.

— “Sevgi iztirobi” serialidagi qahramoningiz juda ko‘p ko‘z yosh to‘kadi. Siz tinmay va soatlab qanday qilib yig‘laydigan obrazda bo‘lgansiz?
— Bu, albatta, qiyin bo‘lgan (kuladi). Bilaman, ko‘pchilik erkaklar yig‘lamaydi, deb hisoblashadi. Turkiyada ham, lekin shunga qaramay, biz o‘z his-tuyg‘ularimizni tez-tez namoyon qilishimiz mumkin. Mening qahramonim sevgisini uzoq vaqt izlagan, ammo unga hech qachon erisha olmay vafot etgan. Bu ayanchli voqea har kimni yig‘latadi.

Foto: Fest2024.com
— Bugungi kunda siz dunyoga mashhur yulduzsiz. Kino olamiga bo‘lgan sayohatingiz qanday boshlangan?
— Shou-biznes sohasiga model sifatida kirib kelganman. Bir kuni menga serialda rol o‘ynashni taklif qilishdi. Bu 24 yil avval bo‘lgan edi. Ko‘pchiligingiz meni “Muhtasham yuz yil” serialidan bilasiz. Ammo bungacha o‘n to‘rt yil davomida turli loyihalarda ishtirok etganman va ko‘plab sinovli kunlarni boshimdan o‘tkazganman. Bu aktyorlik kasbida o‘zlikni anglash uchun ko‘p o‘qish, o‘rganish va tajriba orttirish kerak bo‘lgan. Siz qaysi sohani tanlashingizdan qat’i nazar, doimo ishning boshi murakkab va sinovlarga to‘la bo‘ladi. Dastlabki yillardagi qiyin davrdan o‘tib olgach, professionallik darajasiga qadam tashlay boshlaysiz va hozirda mushkul bo‘lib tuyulgan narsa kelajakda sizning kuchingizga aylanadi. Shuning uchun, to‘satdan qiyinchiliklar paydo bo‘lsa, orzuingizdan, maqsadingizdan voz kechmasligingiz kerak.

— Suratga tushish ishlaridan keyingi charchoqni unutishga nima yordam beradi?
— Oilamning yordamisiz hech qachon bunday yukka dosh berolmagan bo‘lar edim. Ayolim ham aktrisa, u mening ishim bilan bog‘liq barcha narsani yaxshi tushunadi. Agar hayotimda oilam bo‘lmaganida qanday yashashim mumkinligini tasavvur ham qila olmayman.

— Muxlislarning e’tibori sizni charchatmayaptimi?
— Muxlislarning e’tibori va e’tirofi ishimizning ajralmas qismidir. Rollarim ko‘plab insonlarning qalbiga yetib borayotganini ko‘rganda doimo xursand bo‘laman va to‘g‘ri yo‘lda ketayotganimga yana bir bor amin bo‘laman.

— Burak, sizni yaxshi ko‘radigan ayollarning turmush o‘rtoqlari sizdan ayolini yashirincha bo‘lsa ham, rashk qiladi. Ayollar qalbidan joy olish nima qilish kerak?
— Men bu bilan yigirma yildan beri shug‘ullanaman. Albatta, bu hazil (kuladi). Jiddiy gapiradigan bo‘lsak, eng muhimi tabiiy bo‘lish, o‘zingizni boshqacha tutishga urinmaslik va samimiy bo‘lishdir. Bu odamlarni birlashtiradi va ularni o‘ziga jalb qiladi. Men uchun samimiylik bebahodir.

— Ijodiy rejalaringiz qanday?
— Hozirda men “Hukmdor Usmon” serialida ishlayapman. Bu juda jiddiy loyiha bo‘lib, taxminan yana bir-ikki yil davom etishi rejalashtirilgan.

— Turk seriallarini tomosha qilasizmi?
— Men haftada olti kun ishlaganim uchun bor-yo‘g‘i bir kun dam olaman va u kunni oilam bilan o‘tkazaman. Shuning uchun men turk seriallarini ham ko‘rmayman. Hatto o‘zim o‘ynagan epizodlarni tomosha qilish uchun vaqtim yetarli bo‘lmaydi. Rostini aytsam, men uchun tomoshabinning hayotdagi energiyasi muhim, shu sababli seriallarni tomosha qilishdan ko‘ra ular bilan yuzma-yuz uchrashishni afzal ko‘raman.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Burak O‘zchivit muxlislarini qiziqtirgan savollarga javob berdi