17:32 / 08.02.2025
39

"Uzuklar hukmdori" yulduzi yashirin nikohdan oʻtganini oshkor qildi

"Uzuklar hukmdori" yulduzi yashirin nikohdan oʻtganini oshkor qildi
Gollivudning mashhur aktyori, "Uzuklar hukmdori" va "Hobbit" filmlarining yulduzi Elayja Vud oʻz muxlislarini kutilmagan xabar bilan hayratga soldi. U Inside You podkastida oʻzining suhbatdoshi Mette-Mari Konsvedni "rafiqam" deb atadi. Bu esa ularning maxfiy ravishda turmush qurganiga ishora qildi. Keyinchalik TMZ nashri kichik surishtiruv oʻtkazib, juftlikning Los-Anjeles okrugida rasmiy nikohdan oʻtgani haqidagi hujjatni aniqladi.

Shu paytgacha, aktyorning rasmiy ravishda uylangani haqida rasman ma'lumot berilmagan edi. Shuning uchun ham, ularning aynan qaysi sanada nikohdan oʻtgani noaniqligicha qolmoqda. Biroq, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mish-mishlarga koʻra, juftlik Yangi yil arafasida Shvetsiyada maxfiy marosim oʻtkazgan. Insayderlarning ma'lum qilishicha, bu toʻy marosimi juda kamsonli mehmonlar bilan, yopiq formatda oʻtgan. Unda faqat kelin va kuyovning eng yaqin qarindoshlari hamda doʻstlaridan iborat taxminan 80 kishi qatnashgan.

Elayja Vudning shaxsiy hayoti haqida koʻp ma'lumot tarqalmaydi. U intervyu va ijtimoiy tarmoqlarda oilasi haqida juda kam gapiradi. Shuning uchun ham uning turmush qurgani va farzandlari borligi koʻpchilik uchun kutilmagan xabar boʻldi. Biroq, 2023 yilda The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida aktyor oʻzining ikkinchi farzandi borligini oshkor qilgan edi.

— Oilamizda 3 yoshli oʻgʻlimiz va 1,5 yoshli qizimiz bor. Qizim bizni erta tongdan uygʻotadi, — deb qayd etgan edi Elayja Vud.

Eslatib oʻtamiz, Elayja Vud va Mette-Mari Konsvedning munosabatlari haqidagi ilk xabarlar 2017 yilda paydo boʻlgan edi. Ular 2018 yilda birinchi marta omma oldida birgalikda paydo boʻlgan. Shu vaqtdan beri juftlik shaxsiy hayotini ommadan maksimal darajada yashirishga harakat qilgan.

Aktyor va uning rafiqasi shu paytgacha shaxsiy hayotlarini keng omma muhokamasiga olib chiqmagan boʻlsalar-da, muxlislari ularning baxtiga tilakdoshlik bildirishmoqda. Chunki Elayja Vud nafaqat ajoyib aktyor, balki samimiy va kamtar inson sifatida ham tanilgan shaxsdir.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat