Yosh qizga uylangani sabab oilasi bilan janjallashgan turk aktyori — O‘zjan Denizning serqirra hayoti

O‘zjan Deniz — iste’dodli turk aktyor, qo‘shiqchi, rejissyor va musiqachi. U o‘z kasbining haqiqiy ustasi. Ko‘p yillar oldin aktyor ota-onasining maslahatiga quloq solganida, dunyo uning iste’dodidan bebahra qolishi mumkin edi.
O‘zjan Deniz 1972 yil 19 mayda Anqarada tug‘ilgan. Uzoq vaqt davomida muxlislari aktyorning oilasi kino olami yoki shou-biznesga hech qanday aloqasi yo‘q deb o‘ylashgan, aslida esa u mashhur qo‘shiqchi Shakironing jiyani bo‘lgan. O‘zjan 6 yoshidayoq vokal qobiliyatlarini namoyon eta boshlagan va ota-onasi uni musiqa maktabiga berishga qaror qilgan. 13 yoshida Deniz teatrga qiziqib qolgan. U mustaqil ravishda pesalar yozib, teatr spektakllarini sahnalashtirgan va darsdan tashqari tadbirlarda katta ishtiyoq bilan qatnashgan.
Turk seriallari yulduzi 16 yoshida ota-onasiga o‘qishni tashlab, butun hayotini musiqa va sahnaga bag‘ishlashini aytgan. Oilasining qarshiligiga qaramay, O‘zjan Istanbulga ko‘chib o‘tadi va musiqiy faoliyatini boshlaydi, bu unga katta daromad keltiradi. Keyinchalik u Germaniyaga ko‘chib, bir necha yil davomida ovozi va imiji ustida ishlaydi.
Ijodiy faoliyati

O‘zjan Deniz kinematografiyadagi ilk qadamini 1994 yilda Memduh Un rejissyorligidagi “Sevishimni unga ayt” filmi bilan boshlagan. Biroq uning dastlabki shuhrati Nurgul Yeshilchay bilan birga rol ijro etgan “Xonadon” seriali orqali keldi. Aktyorning keyingi faoliyati muvaffaqiyatli rivojlandi. 2004 yilda u “Iyun kechasi” ko‘p qismli filmida, keyinchalik “Qayerdasan Firuza?”, “Taqdir”, “Sevgi tafti”, “Kelo‘g‘lon Qaraprensga qarshi” va boshqa filmlarda suratga tushdi.
“Qora gul” va “Sevgi taqdirga qarshi” kabi seriallar O‘zjanga jahon miqyosidagi shuhrat keltirdi. 2017 yilda u Turkiyada mashhur yozuvchi va ruhshunos Gulseren Budayjiog‘luning romani asosida suratga olingan “Istanbullik kelin” serialida bosh rolni ijro etdi.
Turk aktyori “Seni uzoq kutdim”, “Sinxron”,“Qizil g‘unchalar”, “Ikkinchi imkoniyat”, “Hammasi sevgi tufayli”, “Narigi tomon”,“Suv va olov”, “Sen mening uyimsan” kabi ko‘plab serial va filmlarda rol ijro etgan.
O‘zjan Deniz nafaqat iste’dodli va serqirra aktyor, balki mohir rejissyor va ssenariy muallifi hamdir. Kinematografiyadagi muvaffaqiyatli faoliyatiga qaramay, u musiqani ham hech qachon e’tibordan chetda qoldirmaydi. Turdizi yulduzi muntazam ravishda yangi qo‘shiqlar yaratib, o‘zining yakkaxon konsertlarini berib kelmoqda.
Shaxsiy hayoti

1991 yilda turk aktyori hamkasbi Xandan Deniz bilan oila quradi. To‘qqiz yillik nikohdan so‘ng er-xotin ajrashadi, afsuski farzandlari yo‘q edi. “Iyun kechasi” serialining suratga olish jarayonlarida O‘zjan Naz Elmas bilan uchrasha boshlaydi, u bilan ajrashganidan bir necha oy o‘tgach esa, Fahriye Evjen bilan munosabatga kirishadi. Juftlikning muxlislari ular albatta nikoh qurishiga ishongan, ammo bunday bo‘lmaydi.
2011 yildayoq Deniz yangi sevgilisi — 18 yoshli aktrisa Buse Narjini jamoatchilikka tanishtiradi. U bilan ajrashgandan so‘ng, aktyor bir muddat shaxsiy hayotini oshkor qilmay qo‘yadi.
2018 yil mart oyida u Feyza Aktan bilan ikkinchi bor nikohdan o‘tadi va bir necha haftadan so‘ng, Feyza Kuzey ismli o‘g‘lini dunyoga keltiradi. Afsuski, bu nikoh ham uzoqqa cho‘zilmaydi. Farzandi tug‘ilgandan keyin, er-xotin janjallari tufayli ommaviy axborot vositalarida tez-tez tilga olina boshlaydi. Feyza erini zo‘ravonlikda va ichkilikbozlikda ayblaydi hamda suddan farzandiga yagona vasiylik huquqini berishni talab qiladi, ammo O‘zjan bunga qat’iyan qarshi chiqadi. Ular rasman 2019 yilning yozida ajrashadi, biroq uzoq vaqt davomida o‘zaro murosaga kela olmaydi.
2023 yil yanvar oyida O‘zjan Deniz eronlik modeler Samar Dadgarga uylanadi. Yosh ayol erining o‘g‘li bilan tez til topishib, tez-tez birga vaqt o‘tkazadigan bo‘lishadi. Aytgancha, Samar bilan munosabatlar boshlanganidan so‘ng, O‘zjan Kuzeyning onasi bilan ham do‘stona aloqalar o‘rnatadi.
Turkiyalik aktyor suhbatlarida uchinchi rafiqasi unga taqdir in’omi ekanini bir necha bor ta’kidlagan. Biroq aynan shu nikoh O‘zjan va uning qarindoshlari o‘rtasidagi mojarolarga asosiy sabab bo‘ldi.

Samar Dadgar bilan munosabatlar boshlanishi bilanoq, O‘zjan sevgilisini onasi bilan tanishtiradi. Biroq Kadriye Deniz o‘g‘lining tanlovini ma’qullamaydi. Aktyor va dizaynerning to‘yidan so‘ng, turk yulduzi ko‘p yillar davomida menejeri bo‘lib kelgan akasini ishdan bo‘shatgani ma’lum bo‘ladi.
Shundan keyin, turk ommaviy axborot vositalarida O‘zjanning onasi, singlisi va akasi bilan ziddiyatlari haqidagi xabarlar tez-tez paydo bo‘la boshladi. Avvaliga aktyorning singlisi uning xotinini ochko‘zlikda aybladi, keyin esa Kadriye aynan Samar tufayli u oilasi bilan aloqani uzganini aytdi. Ammo keyinchalik ularning janjali yanada kuchaydi. Aktyor onasi bergan intervyuni ko‘rib, suratga olish maydonchasida ahvoli yomonlashdi. U yurak xuruji bilan kasalxonaga yotqizildi, ammo shifokorlarning sa’y-harakatlari tufayli sog‘ayib ketdi.
Bir necha kundan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, O‘zjanning akasi uni soliq idorasiga chaqib, aktyorning go‘yoki daromadining katta qismini yashirayotganini xabar qilgan. Angiografiya muolajasidan keyin, Deniz ijtimoiy tarmoqlarda akasiga ochiqchasiga murojaat qilib, uni aqldan ozganlikda va taqiqlangan moddalarni suiiste’mol qilishda aybladi.
Samar Dadgar erining oilasi bilan munosabatlari haqida hech qanday fikr bildirmayapti. O‘zjan Denizning o‘zi ham bu mojaroning asl mohiyatini ochishga shoshilmayapti, faqat bir marta doimo xotinining tomonida turishini aytgan xolos. Kadriye Deniz, shuningdek, uning katta o‘g‘li va qizi mojaroning sababi aynan O‘zjanning uchinchi xotini ekanligiga ishonishadi. Ularning fikricha, bu ayol aktyorni o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatib, aldov yo‘li bilan uni yaqin va qadrdon insonlariga qarshi qayrab qo‘ygan emish.
O‘zjan Deniz hozirda

Hozirda turk aktyor “Qizil g‘unchalar” loyihasidagi suratga tushishda davom ettirmoqda. Bo‘sh vaqtini esa yangi albom yozishga va uchinchi rafiqasi bilan dam olishga sarflaydi. O‘zjan shovqin-suronli shaharlardan uzoqda sayr qilishni yoqtiradi, yaxtada sayr qilishni sevadi va uy taomlarini afzal ko‘radi. Deniz o‘g‘li Kuzeyni ham yoniga olib, bolada musiqaga va umuman san’atga muhabbat uyg‘otishga intiladi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar