date
views 2 643

Yulduz Usmonova: «Ijodkorlarni sud emas, ilhom kutyapti» — san’at ahlini ranjitayotgan vaziyatlar haqida murojaat

Yulduz Usmonova: «Ijodkorlarni sud emas, ilhom kutyapti» — san’at ahlini ranjitayotgan vaziyatlar haqida murojaat
O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova ijod ahlining bugungi holati, qo‘shiqchilik sohasidagi muammolar va mualliflik huquqlari atrofida yuzaga kelayotgan tortishuvlar haqida ochiq-oydin fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, so‘nggi paytlarda ko‘plab san’atkorlar ilhomsiz qolgan, ijodiy jarayonlar esa muntazam ravishda to‘xtab qolmoqda.

«Hozir yangi qo‘shiqlar chiqmayapti, deyishadi. Nega deb so‘raysizlarmi? Chunki ijodkorlar o‘z asarlari ustidan bo‘layotgan kutilmagan va kechiktirilgan da’volardan charchagan. Ba’zan oradan 10–15 yil o‘tib, aslida ruhsat asosida ijro etilgan qo‘shiqlar bo‘yicha sud ishlari ochilayotgani — ijodkorga qattiq zarba», — deydi xonanda.

U o‘z murojaatida san’at ahlining qiyin davrlarini eslab o‘tdi: «O‘tgan asr oxirida prodyuserlik markazlari — “Tarona”, “Pantera”lar orqali barcha huquqlar rasmiylashtirilgan, ruxsatlar olingan, soliqlar to‘langan. Hozir esa o‘sha davrdagi tartib-intizom bo‘lmagan kabi, ijodkorlar huquqiy jihatdan himoyasiz qolgan».

Yulduz Usmonova ayrim shoirlar va huquq egalari tomonidan yuzaga kelayotgan noadolat holatlardan ham shikoyat qildi. Uning ta’kidlashicha, «keyinchalik da’vo qilayotgan shoirlarning o‘zlari ham boshqa bir shoirning asarini o‘zlashtirib, bugun esa qonunlarga suyanib yuribdi».

«Kimgadir tijorat yo‘nalishida yozish qiziq bo‘lgan. Lekin hozir Vatan haqida jon fido qilib she’r yozgan shoirlarni ko‘rmayapmiz», — deb qo‘shimcha qildi Usmonova.

U prezident, bosh vazir va mas’ul idoralarga murojaat yo‘llar ekan, ijodkorlarga nisbatan adolatli yondashuv bo‘lishi, avvalo ilgari rasmiylashtirilgan ruxsat va shartnomalar inobatga olinishi, ayniqsa ortiqcha kechiktirilgan da’volar xolisona ko‘rib chiqilishi zarurligini alohida ta’kidladi.

Yulduz Usmonovaning bu chiqishi ijod muhitidagi dolzarb masalalarga yana bir bor e’tibor qaratishi va mas’ullar tomonidan tinglanishi kutilmoqda. Zotan, ijod muhitida xavfsizlik va barqarorlik bo‘lmasa, ilhom ham uzoqqa cho‘zilmaydi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Yulduz Usmonova: «Ijodkorlarni sud emas, ilhom kutyapti» — san’at ahlini ranjitayotgan vaziyatlar haqida murojaat