
20 iyun kuni poytaxtdagi “Renessans” kino uyida kutilgan yopiq namoyishlardan biri — “Cho‘liq” badiiy filmining birinchi ko‘rsatuvi bo‘lib o‘tadi. Ushbu film nafaqat kinematografiya va drama sevuvchilar, balki atrof-muhit masalalariga befarq bo‘lmagan har qanday tomoshabin uchun katta qiziqish uyg‘otmoqda.
“Cho‘liq” — o‘z nomi bilan cho‘ponlar hayoti va u muhitda vujudga keladigan real qiyinchiliklar haqida hikoya qiladigan film. Cho‘pon shogirdi orqali tomoshabinga inson va tabiat o‘rtasidagi muhimi — muvozanat, ishonch va bag‘rikenglikka asoslangan munosabatlar ko‘rsatib beriladi.
Film O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga ko‘ra, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi hamkorligida suratga olingan. Unda milliy kinematografiyaning yangi yo‘nalishlariga zamin yaratish, ayniqsa inson va tabiat o‘rtasidagi emotiv aloqalarni tasvirlash kabi muhim g‘oyalar ilgari surilgan.
Ssenariy muallifi va rejissyor — Jamoliddin Qo‘ziboyev. Ushbu loyiha — uning kinorejissyor sifatidagi debyuti hisoblanadi. Uning muvaffaqiyatli rejissurasi bu filmni nafaqat yangicha ko‘z bilan tomosha qilishga undaydi, balki tomoshabinni fikrlashga, his qilishga majbur etadi.
Ko‘plab taniqli aktyorlar ishtirok etgan mazkur filmda Ulug‘bek Muhammadkarimov va Sardor Abduhoshimov bosh rollarni ijro etgan. Shuningdek, loyihaga Noila Toshkentboyeva, Karim Mirxodiyev, Tohir Saidov, Sayyora Yunusova, Farhod Abdullayev va boshqa mahorati baland aktyorlar ham jalb etilgan.

“Cho‘liq” nafaqat tomoshabinni cho‘ponlar hayotiga eltadi, balki tabiat bilan yonma-yon yashash falsafasini chuqur anglatadi. U milliy ruh, inson va tabiat uyg‘unligi haqida so‘z yuritadigan zamonaviy badiiy kinolardan biri bo‘lib qoladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Film yaqin kunlarda katta ekranlarda namoyish etilishi rejalashtirilgan. Demak, milliy kino uchun yana bir mazmunli asar tomoshabinlarning qalbidan joy olishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing