date

“Xorazm bulbuli” hayoti: baxt, fojia va fidoyilik

“Xorazm bulbuli” hayoti: baxt, fojia va fidoyilik
O‘zbekiston xalq artisti Og‘abek Sobirov – nafaqat ovoz sohibi, balki hayoti, taqdiri, qadriyatlari bilan millionlab yuraklarni zabt etgan san’atkor. Bu yil 53 yoshni qarshi olayotgan xonandaning hayot yo‘li ko‘pchilikka saboq va ibrat bo‘la oladi.

Xorazmdan boshlangan yo‘l – dunyo sahnalariga
1972 yil 24 iyun kuni Urganch shahrida tug‘ilgan Og‘abek Sobirov ilk musiqiy saboqlarni akasi Maqsuddan oladi. Yoshligidan san’atga bo‘lgan muhabbati uni musiqa maktabi, so‘ng san’at kollejiga yetaklaydi. 21 yoshida Filarmoniya sahnasida yakkaxon konsert berib, san’at olamiga katta qadam qo‘yadi.

Bugungi kungacha u 30 dan ortiq poytaxt, 200 dan ziyod viloyat va tuman konsertlari, shuningdek AQSH, Germaniya, Fransiya, Kanada, Turkiya, Hindiston kabi 20 dan ortiq mamlakatda konsert dasturlarini taqdim etgan.

Kechikkan, ammo haqli unvon
2002-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, 2020-yilda esa nihoyat “O‘zbekiston xalq artisti” unvonini olgan xonanda bu e’tirofga xalq muhabbati tufayli yetib kelganini aytadi.

“Avvalroq berish kerak edi” deyilgan gaplar men uchun faxr. Chunki odamlar ich-ichidan haqiqatni ko‘radi. Shu esa eng oliy unvondir, — deydi Og‘abek Sobirov.

Mish-mishlar va davlat tadbirlaridan chetlashgan san’atkor
Og‘abek Sobirov haqida “Prezident tadbirlariga chaqirilmaydi, sababi Turkmaniston rahbari unga tilla ot sovg‘a qilgan” degan mish-mishlar tarqalgan. Ammo u bu gaplarni inkor etadi.

“Bu faqat mish-mish. Asl sabab — oddiy. To‘yga aytilganman, xalq kutmoqda, biroq davlat tadbiri chaqiradi. Borsam — xalqni xafa qilaman. Bormasam — davlatdan ranjish bo‘ladi. Har ikki tomonni ham tushunaman”, — deydi u.

Pulchambarlar va fidoyilik
Xorazmda to‘y narxi 3000 dollar atrofida bo‘lsa-da, muxlislar uning san’atini pul bilan emas, mehr bilan qadrlaydi. Masalan, Gurlan tumanidagi to‘yda unga 20 ta 1 dollarlik “pulchambar” taqdim etilgan.

Og‘riqli yo‘qotishlar: ayol va ota
Og‘abek Sobirov hayotidagi eng og‘ir kun ayolining o‘limi bilan bog‘liq. U bu voqeani eslaganda hozir ham yuragi sanchishini yashirmaydi.

“Ayrimlar qaynsinglisiga uylangan deyishdi — bu yolg‘on. Ayolim tog‘amning qizi edi. O‘limi meni sindirdi. U hayotimdagi eng og‘ir yo‘qotish bo‘ldi”, — deydi u.

Otasi bilan bog‘liq voqea esa yuraklarni larzaga soladi. Sobirov og‘ir kasallik bilan kurashayotganida otasi ibodat qilib, “Dardini menga ber” deb duo qiladi. Oradan ko‘p o‘tmay, Og‘abek sog‘ayadi, ammo otasi ikki yil ichida hayotdan ko‘z yumadi.

“Ota-ona mehri oldida hech narsa tura olmaydi. Men hamon o‘ylayman: otamga munosib farzand bo‘ldimmi?”, — deya yuragini ochadi xonanda.

Ayolim xotirasiga film ishladik
Og‘abek Sobirov “Qizg‘aldoq” filmida bosh rolni ijro etib, o‘zini kino sohasida ham sinab ko‘rdi. Film, ayni vaqtda, hayotdan o‘tgan ayoli xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlikdir.

“Bu film farzandlarimga onasi kim bo‘lganini eslatib turadi. Shu bilan faxrlanaman.”

Unvon emas, xalq mehri muqaddas
Og‘abek Sobirov bugun “Lazgi” ansamblining badiiy rahbari sifatida faoliyat yuritmoqda. Uning hayoti — san’atkorning asl ma’nodagi yo‘li: to‘siqlar, og‘riqlar, sevgi va sadoqat bilan yo‘g‘rilgan sahifalardir.


U bugun nafaqat “Xorazm bulbuli”, balki butun o‘zbek xalqining yuragidan joy olgan chin san’at fidoyisidir.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » “Xorazm bulbuli” hayoti: baxt, fojia va fidoyilik