date

Jaloliddin Ahmadaliyev mualliflik huquqini buzganlik uchun jarimaga tortildi

Jaloliddin Ahmadaliyev mualliflik huquqini buzganlik uchun jarimaga tortildi
O‘zbekistonda qo‘shiqchi Jaloliddin Ahmadaliyev boshqa muallif she’rlaridan ruxsatsiz foydalangani uchun jarimaga tortildi, deb UPL.uz xabar berdi.
Intellektual mulk departamenti matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mualliflik huquqi sohasidagi qonunbuzarlik yuzasidan chora ko‘rilgan.

Adliya vazirligi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida qo‘shiqchi Jaloliddin Ahmadaliyev boshqa muallifga tegishli she’rlarni noqonuniy ravishda ishlatgani aniqlangan. Xususan, u muallifning roziligi va shartnomasiz Shohruh Abduvohidovga tegishli “Yurak”, “Meni deb oqardi sochlarning ona”, “Ko‘zlaringni qizg‘anma mendan” va “Barchasini Xudoga soldim” she’rlaridan foydalangan.

Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining “Mualliflik huquqi va unga bog‘liq huquqlarni buzish” moddasi asosida ma’muriy bayonnoma tuzildi. Dang‘ara tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi qarori bilan qo‘shiqchiga jarima jazosi belgilandi. Jarimaning miqdori aniq ko‘rsatilmagan, biroq u 1 dan 5 BHMgacha (375 000 so‘mdan 1 875 000 so‘mgacha) bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, muallif yetkazilgan moddiy zararni undirish uchun fuqarolik sudiga murojaat qilishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Jaloliddin Ahmadaliyev mualliflik huquqini buzganlik uchun jarimaga tortildi