Har bir bola mehr va g‘amxo‘rlikka muhtoj. Shu bois dunyodagi ko‘plab mashhur insonlar ham ijtimoiy maqomi va moddiy imkoniyatlaridan tashqari, insoniy yuragi orqali bolalarga mehr bag‘ishlashni o‘z burchi deb biladi. Odatda ular tomonidan asrab olingan chaqaloqlar yoki yosh bolalar oila muhitida voyaga yetib, haqiqiy ota-ona mehrini his etish imkoniga ega bo‘ladi.
Sandra Bullok
Gollivud yulduzi Sandra Bullok yoshligidanoq farzand asrab olishni orzu qilgan. Biroq turmush o‘rtog‘i Jessi Jeyms bilan ajrashgach, u niyatini yakka o‘zi amalga oshirishga qaror qildi. 2010 yilda aktrisa Nyu-Orleanlik kichik Luini qo‘liga oldi va shu tariqa birinchi marta onalik baxtiga erishdi. Keyinchalik u Leyla ismli qizaloqni ham oilasiga qabul qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Bullok turli tibbiy usullar orqali o‘z farzandiga ega bo‘lishga harakat qilgan, ammo ular samara bermagan.
Sharliz Teron
Janubiy Afrikada tug‘ilib, Gollivudda mashhur bo‘lgan Sharliz Teron hozirda ikki farzand tarbiyalamoqda. 2012 yilda u Jekson ismli bolani, 2015 yilda esa Janubiy Afrikadagi bolalar uyidan Ogest ismli qizaloqni olib keldi. Aktrisaning aytishicha, asrab olingan bola bilan biologik farzand o‘rtasida hech qanday farq yo‘q — har ikkisini ham birdek sevish va tarbiyalash zarur.
Anjelina Joli va Bred Pitt
Gollivudning eng ko‘p muhokama qilingan juftligi Joli va Pittning olti farzandi bor. Ulardan uch nafari asrab olingan. Joli 2002 yilda Kambodjadagi kichik Meddoksni, 2005 yilda Efiopiyalik Zaxarani, 2007 yilda esa Vetnamdan Paks Tenni qabul qildi. Qolgan farzandlari — Shaylo, Noks Leon va Viven Marshelin juftlikning qonidan. Joli va Pitt ko‘p marta o‘z oilalari madaniy xilma-xillik va muhabbatga asoslanganini ta’kidlagan. Biroq ajrimdan so‘ng oiladagi munosabatlar jiddiy keskinlashgan, hatto qizlari otasining familiyasidan voz kechgani ham ma’lum.
Sheron Stoun
2000 yilda aktrisa Sheron Stoun va turmush o‘rtog‘i Fil Bronshteyn birgalikda Roan ismli bolani tarbiyaga olgan. Ajrimdan so‘ng, Sheron yana ikki bor onalik mas'uliyatini o‘z zimmasiga olib, Lerd va Kuinni asrab oldi.
Madonna
Pop qirolichasi Madonna esa Afrika qit’asidan to‘rt farzand asrab olgan yulduzlardan. 2006 yilda u Devid Banda Mvaleni, 2009 yilda Chikondo Mersi Jeymsni, 2017 yilda esa egizaklar — Stella va Esterni oilasiga qo‘shdi. Shu bilan birga, Madonnaning o‘z qonidan ikki farzandi ham bor: Lurdes (otasi Karlos Leon) va Rokko Jon (otasi rejissyor Gay Richi).
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mashhur shaxslar tomonidan amalga oshirilgan farzand asrab olish jarayonlari nafaqat bolalar taqdirini, balki butun jamiyatning insonparvarlik haqidagi tushunchasini o‘zgartirmoqda. Ular o‘z namunalari bilan dunyoga “har bir bola ota-ona mehriga arziydi” degan haqiqatni ko‘rsatishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!