Madonna Chelsi jamoasining yangi formasini namoyish etdi

Dunyoga mashhur xonanda Madonna Chelsi klubining hali rasman taqdim etilmagan 2026/27-yilgi mavsum uchun moʻljallangan Nike libosida koʻrinish berdi. Pop-musiqa yulduzi britaniyalik kontent-meyker Gymskin bilan birga tushgan videoda yangi dizayndagi koʻk rangli futbolkani kiyib olgan. Bu holat muxlislar orasida London klubining kelgusi mavsumdagi libosi qanday koʻrinishda boʻlishi haqidagi muhokamalarni yanada qizitib yubordi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Qizigʻi shundaki, ushbu dizayn bir necha hafta oldin taniqli golfchi va Chelsi muxlisi Justin Rose tomonidan PGA chempionatida ham namoyish etilgan edi. Madonna va Rose kiygan liboslar bir-biriga aynan oʻxshash boʻlib, bu dizaynning haqiqiyligini bilvosita tasdiqlamoqda. Videoda xonanda oʻzining Londondagi uyida raqsga tushayotganini koʻrish mumkin.
Yangi forma dizayni Chelsi jamoasining soʻnggi yillardagi liboslaridan sezilarli darajada farq qiladi. Unda anʼanaviy yoqa va sariq rangli chiziqlar mavjud. Eng eʼtiborli jihati shundaki, klub logotipi 2005-yildan beri qoʻllanib kelayotgan doira shaklidagi hoshiyasiz tasvirlangan. Shuningdek, har ikki mashhur shaxs kiygan futbolkalarda hozircha titul homiyning logotipi koʻrinmaydi.
Chelsi va Nike oʻrtasidagi 2016-yilda imzolangan 15 yillik shartnoma 900 million funt sterlingga baholangan. Hozircha klub maʼmuriyati yangi forma borasida rasmiy bayonot bermadi, biroq Madonna va Justin Rose kabi yulduzlarning ushbu libosda namoyon boʻlishi marketing nuqtai nazaridan katta qiziqish uygʻotdi. Rasmiy taqdimot yaqin haftalar ichida oʻtkazilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!