Yozgi ta’tilning oxirgi kunlari sekin-asta yakunlanib, farzandlar yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu paytda ota-onalar uchun eng asosiy vazifa — bolaga nafaqat qiziqarli, balki foydali va tarbiyaviy mashg‘ulot topish. Kitob o‘qish, interaktiv o‘yinlar va bilim yuklab beradigan multfilmlar bu jarayonda eng yaxshi vosita hisoblanadi. Mazmunli animatsion filmlar bolaning tasavvurini kengaytiradi, dunyoqarashini boyitadi va maktab hayotiga ruhan tayyorlaydi.
“Vall-I” (2008)
Bu animatsion filmda insoniyat Yerni tark qilib, kosmosga yo‘l oladi. Kichkina Vall-I esa sayyorani axlatdan tozalaydigan yagona robotdir. Robotning hayoti avval oddiy bo‘lib ko‘rinsa-da, u yangi do‘stlar topadi, kosmosga sayyohat qiladi va insonlarning kelajakdagi hayoti bilan bog‘liq kutilmagan voqealarga guvoh bo‘ladi. Shuningdek, Vall-I Yerga insonlar uchun yaroqliligini tekshirishga yuborilgan Evani sevib qoladi. Multfilm bolalarga mas’uliyat, mehr-muhabbat va do‘stlik qadriyatlarini o‘rgatadi.
“Qalb” (2020)
Musiqiy animatsiyada qahramon Jo Gardner o‘zining musiqiy karyerasiga erishish orzusida. Biroq tasodifan u o‘limga duch keladi va ruhini qayta olishga harakat qiladi. “Qalb” hayotning qanchalik qadrli ekanini, kasbni egallash emas, balki haqiqiy yashashni o‘rgatadi. Bu film bolalarga hayot qadriyatlarini tushuntirish va ijodiy imkoniyatlarga intilishga ilhom beradi.
“Boshqotirma” (2015)
11 yoshli Rayli oilasi bilan Minnesotadan San-Fransiskoga ko‘chib o‘tadi va yangi muhitda qiyinchilikka duch keladi. Filmda Raylining his-tuyg‘ulari — quvonch, qayg‘u, g‘azab, nafrat va qo‘rquv — uning hayotini qanday boshqarayotgani ekranda namoyon bo‘ladi. Rejissyor Pit Dokter bolalar psixologiyasi va ichki his-tuyg‘ularning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratgan.
“Boshqotirma-2” (2024)
Rayli endilikda 13 yoshda va o‘smirlik davridagi his-tuyg‘ulari bilan kurashadi. Uning kundalik hayotida quvonch, qayg‘u, g‘azab, qo‘rquv va jirkanish hislari o‘zgarib turadi. Endi har bir kun yangi tajriba va his-tuyg‘ular olib keladi. Film bolalar va o‘smirlar uchun ichki dunyo va emotsional barqarorlik haqida muhim dars hisoblanadi.
“Leo” (2023)
Bosh qahramon — o‘rta maktab biologiya xonasidagi kichik kaltakesak. Leo ozodlikka intiladi va sahroda yashashni orzu qiladi. Bir kun u o‘z hayotidagi oxirgi yil qolganini bilib, orzularini amalga oshirishga qaror qiladi. Leo bolalar bilan muloqot qilib, atrofdagilarni tushunishga yordam beradi va o‘zini birinchi marta baxtli va kerakli his qiladi.
Ushbu besh multfilm nafaqat qiziqarli, balki bolalarning ruhiy va ma’naviy rivojlanishiga yordam beradi. Maktabdan oldingi davrda ularni tomosha qilish farzandlarning tasavvurini kengaytirish, emotsiya va fikrlash qobiliyatini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.