Soliq qo‘mitasi konsert-tomosha sohasi vakillari uchun joriy etilgan yangi elektron xizmatning dastlabki ko‘rsatkichlarini e’lon qildi. Mazkur xizmat 30 iyundan ishga tushirilgan bo‘lib, u xonanda va ijrochilarga o‘z yillik umumiy daromadlari haqidagi deklaratsiyani ancha soddalashtirilgan usulda taqdim etish imkoniyatini yaratdi.
Ma’lumki, har bir fuqaro konstitutsiyaviy burchi sifatida daromad solig‘ini to‘lashga majbur. Mazkur jarayonni yanada qulay qilish maqsadida «O‘zbekkonsert» davlat muassasasining ma’lumotlar bazasi soliq organlarining axborot tizimi bilan integratsiya qilindi.
Endilikda «Konsert-tomosha faoliyati» litsenziyasiga ega bo‘lgan xonanda va ijrochilar «Soliq» mobil ilovasi orqali o‘z shaxsini tasdiqlab va Face ID orqali kirishdan o‘tgach, avtomatik ravishda ushbu xizmatdan foydalanishlari mumkin.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 18 avgust holatiga qadar 1954 nafar litsenziya egasi yangi tizimdan foydalanib, deklaratsiyasini topshirishga ulgurgan.
Eng ko‘p deklaratsiya taqdim etilgan hududlar ro‘yxati quyidagicha shakllandi:
-
Xorazm viloyati — 294 ta;
-
Toshkent shahri — 291 ta;
-
Buxoro viloyati — 212 ta;
-
Samarqand viloyati — 207 ta;
-
Toshkent viloyati — 157 ta.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, mazkur yangi xizmat nafaqat xonanda va ijrochilar uchun katta qulaylik yaratadi, balki soliq hisobotini shaffof va samarali yuritishga ham xizmat qiladi.
Shu orqali davlat organlari va ijod ahli o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilib, qonunchilik talablariga amal qilish yanada osonlashishi ko‘zda tutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!