Turkiya shou-biznesida so‘nggi kunlarda eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri – mashhur aktrisa Hande Erchel va yirik biznesmen Xoqon Sabandjining munosabatlariga chek qo‘ygani haqidagi xabarlar bo‘ldi, deb yozmoqda Peopletalk.
Mish-mishlarga sabab, Hande ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaridan sevgilisi bilan birgalikdagi barcha fotosuratlarni o‘chirib tashlagani bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay, mahalliy OAV va mashhur jurnalist Birsen Altuntash bu ma’lumotni tasdiqlab, rasmiy ajrim hali e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, juftlik o‘rtasida jiddiy janjal yuz berganini qayd etdi. Shu bilan birga, qizig‘i shundaki, Xoqon hanuzgcha Erchel bilan birgalikdagi fotosuratlarni o‘chirmagan va ular bir-birlariga ijtimoiy tarmoqlarda obuna bo‘lib qolishgan. Bu holat ayrim muxlislarda “yarashish ehtimoli bor” degan umid uyg‘otgan bo‘lsa, ko‘pchilikka ko‘ra munosabatlar allaqachon tugagan.
Hande va Xoqon qariyb uch yil davomida Turkiyada eng ko‘p muhokama qilingan juftliklardan biri bo‘lib keldi. Ular muntazam ravishda tadbirlarda birga qatnashishar, sayohatlardan lavhalar bilan o‘rtoqlashishar va samimiy munosabatlari bilan ommani o‘ziga rom etishardi. Ularning so‘nggi yirik chiqishlaridan biri Livandagi to‘y marosimida bo‘lib, juftlik u yerda kameralar oldida porlagan edi.
Ajrimning aniq sababi hozircha ma’lum emas. Internetda turli taxminlar tarqalmoqda: ayrimlar buni shaxsiy kelishmovchilik, deb hisoblasa, boshqalar “Ko‘z yoshlari malikasi” seriali namoyishi oldidan PR jarayoni sifatida baholamoqda. Biroq ko‘pchilik muxlislar uchun bu mavzu serialdan ham ortiq qiziqish uyg‘otdi.
Eslatib o‘tamiz, Hande Erchel va Xoqon Sabandji orasidagi munosabatlar 2023 yil mart oyida oshkor bo‘lgan. Juftlik Parijga yo‘l olayotganda aeroportda birga ko‘rilgan va bu voqea aktrisaning “Eshigimni taqqilat” serialidagi hamkasbi Kerem Bursin bilan ajrashganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan. Shundan so‘ng ular may oyida omma oldida ilk bor rasmiy juftlik sifatida namoyon bo‘lgan. Xoqon esa Turkiyaning ikkinchi yirik konglomerati hisoblangan Sabancı Holding asoschisi, milliarder Sakip Sabandjining nabirasi hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!