Indoneziyada yong‘indan keyin madrasadagi Qur’on kitoblari butun holda topildi

Indoneziyaning G‘arbiy Yava provinsiyasidagi Garut tumanida yuz bergan yong‘indan keyin madrasada saqlangan Qur’on nusxalari butun holda topildi. Voqea aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.
Ma’lum qilinishicha, 30 oktyabr kuni Nurul Yakin madrasasi va unga tutash Ujang Sofyan ismli fuqaroga tegishli uyda yong‘in sodir bo‘lgan. Olov yarim mustahkam qurilish materiallaridan bunyod etilgan binolarga jiddiy zarar yetkazgan.
Yong‘inni bartaraf etish va hududni sovitish ishlari olib borilayotgan vaqtda o‘t o‘chiruvchilardan biri bino ichidagi qizil javonga e’tibor qaratgan. Atrofdagi yog‘och qismlar yonib, devorlar qoraygan bo‘lsa-da, javon ichida saqlangan Qur’on kitoblari butun holda qolgan.
Hodisa joyidagi xodim bu manzarani videoga olib, «Boshqa narsalarning barchasi yongan, Qur’on esa yo‘q. Alhamdulillah», deya hayrat va shukronalik bildirgan.
Garut tumani yong‘in xavfsizligi va qutqaruv xizmati rahbari Usep Basuki Eko yong‘in haqidagi xabar soat 13:45 da kelib tushganini tasdiqlagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga elektr simlaridagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Voqea tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.






























Izohlar 0
…