Mashhur turk aktrisasi Hande Erchel va tadbirkor Hakan Sabanji o‘rtasidagi munosabatlar haqida so‘nggi paytlarda ko‘plab mish-mishlar tarqalmoqda. Ayniqsa, juftlikning ajrashgani haqidagi xabarlar muxlislar orasida katta qiziqish uyg‘otdi.
Gel Konuşalım dasturida ilk bor gapirgan Hakan Sabanji esa ularning munosabatlariga oid da’volarga o‘z munosabatini bildirdi. U shaxsiy hayoti haqida batafsil to‘xtalishni istamagan bo‘lsa-da, ayrim gap-so‘zlarga aniqlik kiritdi:
“Ajralish masalasini muhokama qilishni xohlamayman. Bu bizning shaxsiy hayotimizga tegishli. Lekin xiyonat haqida aytilayotgan gaplar mutlaqo asossiz”, — dedi u.
Avvalroq Hande Erchel ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasidan Sabanji bilan tushgan barcha suratlarini o‘chirib tashlagan edi. Bu esa turk matbuotida ularning ajralgani haqidagi xabarlarga asos bo‘ldi. Mashhur jurnalist Birsen Altuntash esa juftlik orasida jiddiy kelishmovchilik bo‘lganini ta’kidlagan, biroq rasmiy ajrim hali sodir bo‘lmaganini qayd etgan.
Shunga qaramay, Hande va Hakan hanuz bir-birlariga obuna bo‘lib qolishgan. Muxlislarning bir qismi ularning munosabatlari qayta tiklanishiga umid bildirmoqda, boshqalar esa bu jarayon shunchaki PR bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!