Gollivud yulduzi Uill Smit o‘zining Westbrook nomli ko‘ngilochar kompaniyasi orqali Paramount bilan ko‘p filmlik shartnomaga qo‘l qo‘ydi, deb yozadi Variety.
Westbrook asoschisi Uill va Jada Pinkett Smit kompaniyaning bosh maqsadi Smit ishtirokidagi keng auditoriyaga mo‘ljallangan “xalqaro” filmlar yaratish ekanini ta’kidladi. Shuningdek, bu loyihalar keyinchalik franchayzingga aylanishi mumkinligi aytilmoqda.
Hozirda ikkita film ustida ish olib borilmoqda: “Shakar qaroqchilari” va “Quyon uyasi”. Birinchisi yozuvchi Chak Xoganning “Surgundagi iblislar” asari asosida suratga olinmoqda. Unda Uill Smit maxsus bo‘linma sobiq askari, Bostondagi narkotik savdosiga barham berishga bel bog‘lagan elita guruh yetakchisi sifatida namoyon bo‘ladi.
“Quyon uyasi” loyihasi esa Deni Vilnevning “Dun” filmlari ssenariysini yozgan Jon Speyts tomonidan qalamga olingan. Uill Smit kompaniyasi ikkala filmdan tortib kelgusidagi barcha rejalarni Paramount'ning Gollivud studiyalarida amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Westbrook 2019 yilda tashkil etilgan bo‘lib, kompaniyaning eng yirik yutug‘i “Qirol Richard” filmi hisoblanadi. Mazkur asarda rol ijro etgan Uill Smit 2022 yilda “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!