Isroilda falastinlik bolaning hayotini tasvirlagan “Dengiz” filmi mamlakatning nufuzli “Ofir” mukofotini qo‘lga kiritdi va yilning eng yaxshi filmi sifatida e’tirof etildi. Shuningdek, ushbu kartina 2026 yilgi “Oskar”ning “Eng yaxshi xalqaro film” nominatsiyasiga Isroil tomonidan tavsiya etilishi rejalashtirilgan.
Biroq madaniyat vaziri Miki Zohar bu qarorni tanqid qilib, kino sohasiga davlat mablag‘lari ajratilmasligini bildirgan. Uning fikricha, filmni mukofotlash “Isroil askarlariga nisbatan haqorat” sifatida qabul qilinishi mumkin.
Filmda G‘arbiy sohilda yashovchi 12 yoshli falastinlik bolakayning dengizni ko‘rish orzusi aks etgan. U Tel-Avivga yo‘l oladi, ammo nazorat-o‘tkazish punktida to‘xtatiladi. Shunga qaramay, u yashirincha Isroilga kirib, u yerda mehnat qilayotgan otasini izlaydi. Bosh qahramon obrazini ijro etgan 13 yoshli Muhammad G‘azzoviy “Eng yaxshi aktyor” mukofotiga sazovor bo‘lib, bu sovrinni qo‘lga kiritgan eng yosh aktyorga aylandi.
Isroil Kino va televideniye akademiyasi raisi Asaf Amir esa vazirning so‘zlariga javoban: “G‘azo urushi og‘ir oqibatlarga olib kelayotgan bir paytda qarshi tomonning og‘riqlarini his qilish — umid uyg‘otadi”, dedi.
Ayni paytda minglab Gollivud ijodkorlari Isroil kinotashkilotlarini boykot qilayotganini e’lon qildi. Ular mamlakatni “genotsid sodir etishda” ayblamoqda. BMT tergov komissiyasi ham Isroilni G‘azoda genotsid uyushtirganlikda aybladi, ammo Isroil Tashqi ishlar vazirligi bu da’volarni rad etib, ularni “asossiz va soxta” deb baholadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!