
Los-Anjelesda Fortnite va Arcane saundtreki muallifi, 20 yoshli qo‘shiqchi D4vd (haqiqiy ismi Devid Burk) mashinasidan o‘tgan yili bedarak yo‘qolgan 15 yoshli Selest Ernandesning jasadi aniqlandi. Bu haqda NBC News xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 8 sentyabr kuni politsiya D4vd avtomashinasidan kelgan yoqimsiz hid sababli evakuator chaqirgan. Shu payt tekshiruv jarayonida marhumning qoldiqlari topilgan.
Sud-tibbiy ekspertiza Ernandes shaxsini tasdiqladi. Hozircha o‘lim sababi aniq emas, ammo mahalliy huquq-tartibot organlari voqeani qotillik sifatida tergov qilmoqda.
Qo‘shiqchining vakili ma’lum qilishicha, D4vd voqeadan xabardor qilingan va rasmiylar bilan hamkorlik qilmoqda. Jasad topilgan paytda u gastrol safarida bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Ernandes 2024 yil aprelidan beri yo‘qolgan edi. Shu vaqtda u 14 yoshda, D4vd esa 19 yoshda bo‘lgan. Daily Mail yozishicha, ular o‘sha paytda ishqiy munosabatda bo‘lgan, qizning oilasi ham bu munosabatni tasdiqlagan.
Nashr qo‘shimcha qilib, ularning ijtimoiy tarmoqlardagi qo‘shma suratlari va ikkalasining ko‘rsatkich barmog‘idagi “Shh…” yozuvli tatuirovkani bu munosabatga dalil sifatida keltirgan.
