
Turk kinematografiyasining mashhur va serqirra aktyori Burak O‘zchivit so‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan oilaviy hayotiga oid savollarga yana bir bor javob qaytardi. Uning ta’kidlashicha, tarqatilayotgan ma’lumotlarning ko‘p qismi asossiz va voqelikka zid.
Avgust oyi oxirlarida aktrisa Fahriya Evjen o‘z shaxsiy sahifasi orqali jamoatchilikka murojaat qilib, ularning oilaviy hayotiga ortiqcha aralashmaslik va yolg‘on xabarlar tarqatmaslikni so‘ragan edi. Biroq shundan keyin ham ayrim turk nashrlarida juftlik ajralish arafasida ekani, hattoki ular umumiy mulklarini sotishni boshlagani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
Shu asossiz ma’lumotlardan keyin juftlik qisqa ta’til uchun Londonga yo‘l oldi. Turk OAV bu safarni ularning munosabatlari mustahkamligidan dalolat beruvchi ishora sifatida talqin qildi. Ordan ko‘p o‘tmay, er-xotin Istanbulda o‘tkazilgan Contemporary Istanbul ko‘rgazmasiga birgalikda tashrif buyurdi. Tadbir paytida aktyordan ajrim haqidagi savollar ham berildi.
Burak O‘zchivit bu kabi xabarlarni “yolg‘on va bo‘hton” deb atadi. Uning fikricha, san’atga bag‘ishlangan tadbirda shaxsiy hayot masalalarini muhokama qilish mutlaqo noo‘rin. Shu bilan birga, aktyor matbuot va blogerlarning shaxsiy hayotiga haddan ortiq aralashuvidan noroziligini bildirdi. U bunday asossiz ma’lumotlar oiladagi munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishini alohida ta’kidladi.
Shunga qaramasdan, O‘zchivit va Evjen oilasi turk kino olamida hanuz eng namunaviy juftlik sifatida tilga olinadi. Mutaxassislar fikricha, tarqatilayotgan mish-mishlar ko‘proq ayrim OAVning o‘quvchilar diqqatini jalb etish maqsadida tarqatilayotgan bo‘lishi mumkin.
Aynan shunday holatda Burak O‘zchivitning ochiq bayonoti ularning oilaviy hayoti borasidagi barcha savollarga oydinlik kiritdi, deyish mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.