85 yoshli rus aktyori Veniamin Smexovda ortiqcha vazn sabab yurak bilan bog‘liq muammolar aniqlandi. Bu haqda Mash Telegram-kanali xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “D’Artanyan va uch mushketyor” filmida Atos rolini ijro etgan san’atkor yurish paytida nafas qisilishi va aritmiyadan shikoyat qilib, shifokorga murojaat qilgan.
Tekshiruvlar vaqtida bir necha yil oldin o‘rnatilgan yurak stendi sog‘lom ekani ma’lum bo‘ldi, ammo mutaxassislar Smexovga shoshilinch ravishda vazn yo‘qotishni tavsiya qilgan. Shuningdek, suyaklarini mustahkamlash uchun vitaminlar qabul qilish kerakligi aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda aktyor yelkasidan jarrohlik amaliyoti o‘tkazgan va shundan keyin harakatchanligini tiklagan. Uning yelkasi bir necha yil oldin rafiqasi tasodifan ustiga yiqilib tushganidan keyin noto‘g‘ri bitib ketgani ma’lum.
Veniamin Smexov — teatr va kinoning taniqli vakili, IV darajali “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan. U hozir ham sahnalashtirish va kitob yozish faoliyati bilan shug‘ullanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!