Jasminning “Ketma” klipi muxlislarni befarq qoldirmadi (video)

Xonanda Jasmin muxlislari uchun navbatdagi yangi ijod mahsulini taqdim etdi. “Ketma” deb nomlangan ushbu qo‘shiq 11 fevral kuni premyera qilindi va juda qisqa fursat ichida katta auditoriya e’tiborini qozondi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tarona hozirga qadar qariyb 600 ming marta tomosha qilingan hamda 400 ga yaqin ijobiy izohlar bilan baholangan. Muxlislar qo‘shiqni iliq kutib olib, Jasmin ijodidagi eng ta’sirli ishlardan biri bo‘layotganini ta’kidlashmoqda.
Klip syujeti ham tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda ayrim “psixolog” sifatida tanilgan shaxslarning noto‘g‘ri va biryoqlama maslahatlari sabab ayrim oilalarda kelishmovchiliklar yuzaga kelayotgani, uy bekasi bo‘lgan ayollarning shunday gaplarga ishonib, o‘z hayoti va oilaviy mas’uliyatiga boshqacha qaray boshlayotgani badiiy tarzda aks ettirilgan.
Videoklip orqali oilaviy qadriyatlar, ayolning oiladagi o‘rni va mas’uliyati mavzusi ko‘tarilib, tomoshabin jamiyatda keng muhokama qilinayotgan muammolarga yana bir bor e’tibor qaratishga chorlanadi.
Umuman olganda, “Ketma” taronasi nafaqat ohangi, balki mazmuni bilan ham muxlislar qalbidan joy olayotgani bilan ajralib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!