Ra'no Yarasheva teatrdan keta olmasligini ma'lum qildi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra'no Yarasheva Navo telekanaliga bergan intervyusida umri va bor kuch-g‘ayratini farzandlariga bag‘ishlaganini, shu bilan birga sahnadan, teatrdan uzoqlasha olmasligini ochiq aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, farzandlari onasining mehnatini chuqur anglaydi va doim e’tirof etishadi:
— “Farzandlarim meni onajonim, bebahoim deb ko‘p aytishadi. Ular umrimni, kuchimni va quvvatimni aynan ular uchun sarflaganimni yaxshi bilishadi. Siz biz uchun juda ko‘p mehnat qildingiz, onajon. Bizni o‘qitdingiz, turmushga berdingiz. Hayotimiz chiroyli. Endi ishlamang, hech narsa qilmang, mazza qilib yashang deyishadi. Lekin men ularga: Qanday qilib? Men teatrdan keta olamanmi? — deb javob beraman”, — deydi aktrisa.
Ra'no Yarasheva ta’kidlashicha, sahna va tomoshabin bilan uchrashuv uning hayotida alohida o‘rin tutadi:
— “Agar xalqim bilan uchrashib turmasam, quvvat ololmayman. Biz, ijodkorlar, faqat xalqning duosi, qarsaklari va samimiy olqishlaridan kuch olamiz. Ana shu muhabbat bizga yana ijod qilishga ruh va ilhom bag‘ishlaydi”, — dedi u.
Aktrisaning fikricha, farzand tarbiyasidagi mas’uliyat va sahnaga bo‘lgan sadoqat uning hayotida bir-birini to‘ldirib kelayotgan ikki eng muhim qadriyat hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!