70 yoshdagi aktrisa ilk bor yuksak mukofotga sazovor bo‘ldi

15 may sanasi san’at ixlosmandlari uchun unutilmas kun bo‘ldi. Zero, shu kuni taniqli aktrisa Gulnora Rustamova o‘zining muborak 70 yoshini qarshi oldi.
Ma’lumki, Gulnora Rustamova qariyb 30 yildan ziyod vaqt davomida Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri sahnasida samarali faoliyat olib borib, o‘nlab betakror obrazlarni yaratgan. U “Nodirabegim” spektaklida Uvaysiy, “Aka-uka sovchilar”da ona, “Kuyovlar konkursi”da kelinoyi, “Bobur”da Malika Bayda, “Jaydari kelin”da katta kelin, “Otabek va Kumush”da O‘zbekoyim kabi obrazlari bilan tomoshabinlar qalbidan mustahkam o‘rin egalladi.
Shuningdek, aktrisaning “Mehrobdan chayon” tarixiy teleserialidagi Gulshan, “Qaytar dunyo”dagi ona, “Talvasa” va boshqa ko‘plab serial va novellalardagi rollari uni elga yanada sevimli qildi.

Yubiley munosabati bilan aktrisaning ko‘p yillik samarali mehnati munosib e’tirof etildi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tomonidan u “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
E’tiborli jihati shundaki, ushbu mukofot Gulnora Rustamovaning san’at sohasidagi ilk davlat e’tirofi bo‘ldi. Bu esa aktrisa uchun ikki karra quvonchli va unutilmas sovg‘a sifatida qabul qilindi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!