Primadonna Yulduz Usmonova: "Sovg‘alarni mehr bilan qabul qilaman"

O‘zbek san’atining mashhur va hurmatli vakili — Yulduz Usmonova muxlislari tomonidan berilgan sovg‘alarga bo‘lgan munosabati haqida samimiy fikrlarini bildirdi. Uning aytishicha, qo‘lidagi tasbehni unga bir keksa muxlisi ehtirom va ixlos bilan taqdim etgan.
San’atkor har bir sovg‘ani alohida qadrlashini, ularni oddiy buyum emas, balki mehr va e’tibor ramzi sifatida qabul qilishini ta’kidladi. U hatto ustidagi futbolkasini ko‘rsatib, bu ham muxlislaridan biri tomonidan berilgan sovg‘a ekanini aytdi.
“Men berilgan sovg‘alarni ishlataman. Chunki insonning niyati pok bo‘lsa, u qanday sovg‘a bo‘lishidan qat’i nazar, uni qabul qilish va foydalanish mumkin. Menga ko‘chada kimdir non bersa ham, bemalol yeyman — chunki non aziz”, — deya o‘z fikrini izohladi u.
Shu bilan birga, primadonna ehtiyotkorlik ham muhim ekanini unutmagan. U ayrim oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, konfet va shokoladlarni qabul qilmasligini ham qayd etdi.
“Insonning niyati toza bo‘lsa, yomon niyatli odam unga zarar yetkaza olmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi san’atkor.