Qiz uzatishning eng ta’sirli onlari: ota-onasi bilan xayrlashuv va ukasining ko‘z yoshlari (video)

14 iyul kuni taniqli jurnalist, teleboshlovchi va dublyaj aktrisasi Dildora Rustamova oilasida quvonchli voqea bo‘lib o‘tdi. San’atkor qizi Shahrizodaning nikoh to‘yidan olingan samimiy va ta’sirli videolarni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bo‘lishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Shahrizoda Abdulaziz ismli yigit bilan oila qurdi. To‘y marosimidan tarqalgan videolar orasida ayniqsa kelinning ota-onasi bilan xayrlashayotgan onlari ko‘pchilikning qalbiga iliq ta’sir qildi. Otasi va onasini bag‘riga bosib xayrlashayotgan Shahrizodaning ko‘z yoshlariga to‘la lahzalari qiz farzand hayotidagi eng unutilmas damlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Videolardagi yana bir ta’sirli holat esa Shahrizodaning ukasi bilan bog‘liq bo‘ldi. Opasini kelinlik oq libosida ko‘rgan ukasi his-tuyg‘ularini jilovlay olmay, ko‘z yoshlarini tiya olmadi. Ushbu lahzalar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini ham befarq qoldirmadi.
To‘y marosimida ko‘plab san’atkorlar va yaqinlar ishtirok etib, yosh oilaga ezgu tilaklarini bildirishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa kuzatuvchilar Dildora Rustamova va uning oilasini samimiy tabriklab, yangi oila a’zolariga baxt va totuvlik tilashmoqda.






























Izohlar 0
…