17:58 / 01.05.2017
9 118

Gulsanam Mamazoitova o‘ziga Ozodbek Nazarbekovdan boshqa munosib duetdosh kimligini aytdi

Gulsanam Mamazoitova o‘ziga Ozodbek Nazarbekovdan boshqa munosib duetdosh kimligini aytdi
Gulsanam Mamazoitovaga O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovdan boshqa munosib duetdosh...

“Darakchi” gazetasining “10 qaltis savol” loyihasining galdagi qahramoni san’atda o‘z o‘rni va “men”iga ega ijodkor, O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam MAMAZOITOVA...

1. O‘zbekiston xalq artisti Ma’mura Ergasheva va Sug‘diyona Isroilovadan tahsil olgansiz. Farg‘onadagi san’at kollejida o‘qib yurgan kezlaringiz, raqs guruhingiz ham bo‘lgan. Nega raqs san’atini professional darajada davom ettirmagansiz?

— Qo‘shiq kuylashni erta boshlaganim uchun o‘smirlikka o‘tish vaqtida ovoz o‘zgarish — mutasiya vaqti bo‘lgan. Bu davrda vaqtincha qo‘shiq kuylamaslik kerak. “Bo‘sh qolmasin”, degan maqsadda onam meni raqs to‘garagiga berganlar. Uch-to‘rt yil raqs bilan shug‘ullandim, ustoz ko‘rdim. Raqs bilan professional shug‘ullanish istagi bo‘lmagan, bo‘sh vaqtni to‘ldirish uchun xizmat qilgan, xolos.

2. Ko‘plab xonandalar “Ajab-ajab”, “Xorazmning lazgisi” kabi qo‘shiqlaringizni to‘ylarda kuylashadi. Siz-chi, hamkasblaringizning qo‘shig‘ini kuylashni o‘zingizga ep ko‘rasizmi?

— Asosan ustoz san’atkorlar tomonidan ijro etilgan klassik, xalqona yo‘nalishdagi qo‘shiqlarni kuylayman. Agar zamondosh hamkasblarimning sevib tinglanadigan qo‘shiqlaridan so‘rashsa, imkon boricha kuylab beraman.

3. Sizningcha, yillar o‘tib, Gulsanam

Mamazoitova qaysi qo‘shig‘i bilan tarixda qolarkin?


— Vatanparvarlik mavzusidagi, folklor yo‘nalishdagi va albatta, sokin qo‘shiqlarim esda qolishiga umid qilaman. Chunki muxlislar bu qo‘shiqlarimni sevib tinglaganiga ko‘p bor guvoh bo‘lganman.

4. “Dunyo “yulduz”lari, ustozlarning o‘g‘irlanmagan qo‘shiqlarini tinglab, ulg‘ayganman”, degandingiz. Yoshlarbop yo‘nalishdagi “Aldama mani” qo‘shig‘ingiz iliq qarshi olindi. Biroq klipmeykerlar sizni alda­gan­­ ko‘rinadi? Arabistonlik mashhur xonanda Saad Lamjarredning “Lamaallem” qo‘shig‘i klipini shundoqqina ko‘chirib berishgan...

— To‘g‘ri, qo‘shiq emas, klip o‘g‘irlangan. Aslida shu klipga o‘xshashini o‘zim istaganman. Sababi, internet orqali ko‘p ko‘rilgan klip bo‘lganligi, qolaversa, ranglar uyg‘unligi, ko‘tarinki kayfiyat baxsh eta oladigan bo‘lgani uchun “Muallim” klipini ko‘chirdik.

5. “Jonli ijroda kuylash qahramonlik emas”, deyishadi. Ammo, jonli ijroda konsert berishingiz e’tirofga loyiq. Bu qarorga kelishingiz “O‘zbekiston xalq artisti” unvonining “yuk”i bosganidanmasmi?

— Albatta! Mehnating e’tirof etilib, berilgan yuksak mukofot uchun, albatta, munosib javob ham bera olish kerak. Davlat mukofotining mas’uliyati juda katta. Bu ishonchni oqlash uchun umrimizning oxirigacha nafaqat jonli ijroda kuylash, jonni fido qilish ham kam.

6. “Hayotda kalondimog‘ bo‘lgandan, sahnada shunday ko‘ringan yaxshi”, degandingiz. Bu muxlislarni­ sizga bo‘lgan ixlosini so‘ndirib qo‘ymasmikan? “Mux­lislarga keraksiz bo‘lib, nazardan qolishdan qo‘r­qa­man”, degandingiz axir...

— Yo‘q, ixlos so‘nmaydi, menimcha. Boisi, tomoshabinlarimiz juda madaniyatli. Sahnaning o‘z qonun-qoidasi, majburiyatlari borligini tushunishadi. Shuningdek, ayrim hamkasblarimning sahnadagi samimiyligi, tabassumi, bu — niqob. Ular hayotda mutlaqo boshqa odam. Hatto, ba’zida o‘zimning yuzimga boshqa, orqamdan boshqa gap aytishganiga guvoh bo‘lganman. Siz ta’kidlagan fikrni shuni inobatga olgan holda aytganman, boshqa ma’noda emas.

7. Gulsanam Mamazoitovaga O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovdan boshqa munosib duetdosh...

— Akam Otabek Muhammadzohid!

8. “Yulduzcha” ko‘rsatuvidagi hay’at a’zolarining ishtirokchi bolalarga keskin javob qaytarishi ijtimoiy tarmoqlarda yaxshigina muhokamalarga sabab bo‘ldi. Siz ham hay’at a’zolaridan biri edingiz...

— To‘g‘ri. Ustozlar tomonidan berilgan ta’riflar bu shunchaki gap emasdi. San’at juda murakkab soha. Yuksak iqtidor va mahorat talab etiladi. Keskin fikrlar shu taraflarni inobatga olgan holda aytilgan.

9. Bir hamkasbingizning sizga nisbatan tanqidi ham muxlislar diqqat markazida bo‘lgandi. Siz tomondan munosib tarzda berilgan javob, “Birov sizdan kamchilik izlab, dilingizga ozor etkazmoqchi bo‘lsa, xursand bo‘ling. Demak, siz undan omadlisiz”, degan gapingiz isbotidir-a?

— Tanqidni qabul qilaman, agar u o‘rinli bo‘lsa.

10. Maxsus savol! Farhod Saidov, “Sarbon” guruhi yakkaxoni

— Rok yo‘nalishidagi qo‘shiqchi bo‘lganingizda o‘zingizni qanday ko‘­ri­nishda tasavvur qi­lar­din­giz?

— Milliy matodan tikilgan rokerlar libosida yakka-yu yagona bo‘lib, rok kuylardim (miriqib kuladi).

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Gulsanam Mamazoitova o‘ziga Ozodbek Nazarbekovdan boshqa munosib duetdosh kimligini aytdi