Maryam Tillyayeva shoudagi ishtiroki uchun qattiq tanqidga uchradi

O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimovning nabirasi Maryam Tillyayeva va uning turmush o‘rtog‘i Arno Kosyan Rossiyaning “Pyatnitsa” telekanali orqali efirga uzatilayotgan “Sevgiga pul tikish” realiti-shousida ishtirok etib, keng muhokamalar markaziga aylandi.
Loyihaning ilk sonlaridanoq juftlikning harakatlari tomoshabinlar o‘rtasida turli bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, Maryam Tillyayevaning shoudagi ayrim bayonotlari va munosabatlari ijtimoiy tarmoqlarda keskin tanqidlarga uchradi.
Muhokamalarning eng qizg‘in nuqtasi Maryamning loyihada qatnashish sabablari haqidagi gaplari bo‘ldi. U bosh sovrin sifatida taqdim etilayotgan pul mukofotiga qiziqishi borligini va to‘y xarajatlari uchun mablag‘ zarurligini aytgan. Shuningdek, Arno Kosyan munosabatlarining dastlabki bosqichida o‘zini “alfons emasligini” isbotlash uchun barcha mablag‘ini sarflab yuborganini ham ochiqlagan.

Bu so‘zlar ayrim kuzatuvchilar tomonidan keskin qabul qilindi. Tanqidchilar Maryamning moliyaviy jihatdan ta’minlangan oila vakili bo‘la turib, pul masalasini bu tarzda ko‘targanini noto‘g‘ri baholashdi.
Shou davomida Maryam Tillyayeva va mashhur rus aktrisasi Anna Xilkevich o‘rtasidagi kelishmovchiliklar ham ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘ldi. Ikki tomon bir-birini manipulyatsiya va ishtirokchilarni qarshi qo‘yishda aybladi. Bu bahs ijtimoiy tarmoqlarda ham davom etib, muxlislar o‘rtasida haqiqiy virtual tortishuvlarga sabab bo‘ldi.
Loyihaning yana bir ishtirokchisi, bloger Losha Yanger ham Maryamning o‘zini tutish uslubini tanqid qildi. Uning fikricha, Tillyayeva villada boshqalar bilan muloqotda o‘zini haddan tashqari erkatoy va talabchan tutgan.
Shouning keyingi sonlaridan birida Maryam va Arno ishtirokchilar ovozi natijasida loyihani tark etish xavfiga duch keldi. Bu holat Maryam uchun kutilmagan bo‘lib chiqdi. Uning hissiy holati o‘zgarib, bir muddat boshqa ishtirokchilar bilan muloqotni cheklagani ham efirda namoyish etildi.

Tanqidlar va xeytlar kuchayganidan so‘ng Maryam Tillyayeva ijtimoiy tarmoq orqali murojaat qildi. U shoudagi voqealar haqiqiy hayotdan farq qilishini, ishtirokchilar esa muayyan sharoit va bosim ostida harakat qilishini ta’kidladi.
Shu bilan birga, u o‘z manziliga yuborilayotgan haqorat va tahdidli xabarlarni qabul qilib bo‘lmas holat deb baholadi. Maryamning aytishicha, so‘nggi bir necha kun ichida unga minglab salbiy xabarlar kelib tushgan.
Tillyayeva hozirda eri bilan Turkiyada dam olmoqda. Shu bilan birga, u yana bir yirik televizion loyiha — TNT telekanalidagi “O‘yin ustasi” realiti-shousida ham ishtirok etishini ma’lum qildi.
Ko‘rinadiki, Maryam Tillyayeva ishtirok etayotgan har bir televizion loyiha tomoshabinlar qiziqishi bilan birga bahs va muhokamalarni ham keltirib chiqarmoqda.






























Izohlar 0
…