17:23 / 10.05.2017
26 695

Sitora Alimjonova: «Sevgan insonim bor, ammo…»

Sitora Alimjonova: «Sevgan insonim bor, ammo…»
O‘zbek san’ati kundan-kunga rivojlanib borayotgan bir davrda, yosh aktrisalarning ijodi va shaxsiy hayoti ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi tabiiy. So‘nggi paytlarda Sharof Muqimov bilan yaxshigina gap-so‘zlar qurshovida qolgan iste’dodli aktrisa Sitora Alimjonova ham shular jumlasidan. Bugungi suhbatimizda aktrisa o‘zi haqidagi ba’zi mish-mishlarga oydinlik kiritdi, deb yozadi Hordiq.uz nashri.
— San’at olamiga kirib kelganingizga ancha bo‘ldi…
—Xudo xohlasa, ijod qilayotganimga besh yil to‘ladi. Bunga eng katta sababchi sifatida tug‘ishgan opam, ya’ni «Koreyalik kelin» filmi orqali muxlislarga tanish Dildora Hoshimovani ko‘rsatishim mumkin. O‘sha paytlarda rejissyor Durdona To‘laganova opamga «Ko‘zlari katta-katta singlingiz bor ekan, uni aktrisa qilasizmi?» degan va opam ikkimiz mamnuniyat bilan ushbu taklifni qabul qilganmiz. Shu tariqa debyut rolim Mirmaqsud Oxunovning «Sen ketma» filmi bo‘ldi.

— Oila a’zolaringiz bunga qanday munosabatda?

— Oila a’zolarim kasbimga ijobiy qarashadi. Buning yana bir sababi, bobom kino olami vakili edi. U san’atni sevgani uchun ham buvim doim «Oilamizdan san’atkor chiqadi», deya niyat qilardi. Niyat xolis ekan, mana, opam Dildora Hoshimova ham aktrisalik faoliyatini bir muncha vaqt olib bordi. Hozir u Koreyada yashaydi va «Dildoraning salom Koreyasi» teledasturida boshlovchilik qiladi.

— Kimningdir ko‘nglini og‘ritib qo‘yganmisiz, bunday damlarda birinchi qadamni tashlay olasizmi?
— Albatta, hammamiz ham kimningdir qalbiga bilib-bilmay ozor etkazib qo‘yamiz. Shunday kezlarda, agar xatolik mendan o‘tganini tushunsam, mulohaza qilib ko‘raman. Birinchi qadamni tashlashdan uyalmayman. Agar aksincha bo‘lsa, men u insondan xuddi shu narsani kutaman.

— Chet davlatlarda tushgan aksariyat rasmlaringizga nisbatan «Ochiq-sochiq kiyinyapsiz, yigitlar bilan juda yaqin masofada turib suratga tushyapsiz» kabi fikrlarni bildirishgan…
— Sovuq ob-havoni xushlamaganim sabab, asosan, issiq mamlakatlarga boraman. Tabiiyki, issiq sharoitda juda ham yopiq kiyinish noqulay va biroz erkin, yengilroq kiyimlarda yurgim keladi. Balki, shuning uchun ham odamlarning ko‘ziga «ochiq-sochiq» yurganday ko‘rinarman. Umuman olganda, kiyimlarim haddan oshgulik darajada emas, deb hisoblayman (kulib). Yigitlar bilan yaqin masofada suratga tushganimni esa eslolmayman. Balki, biron bir aktyor, kasbdoshim bilan yonma-yon tushgan suratim bordir.

— Qo‘shiq ham kuylab ko‘rdingiz. Nazarimda, xonandalik bilan chiqisholmadingiz chog‘i…
— Yoshligimdan qo‘shiq aytishni yoqtirganim sabab, o‘zimni bu borada sinab ko‘rganim rost. Menimcha, juda ko‘pchilik yoshligida buni xohlaydi. To‘g‘ri, avvaliga «Endi qo‘shiqchi bo‘laman, aktrisalikni yig‘ishtiraman», deb o‘yladim. Hatto prodyuserlar bilan shartnoma tuzib, chiqisholmay qolgan paytlarim ham bo‘ldi. Lekin endi qo‘shiq kuylamasam kerak.

— «Instagram»dagi sahifangizda Sondasom ismli koreys qiz jiyaningiz ekanini aytgansiz. Asl millatingiz nima? Qolaversa, o‘zingiz ham koreys qizlariga taqlid qilasiz…
— Ko‘pchilik tashqi ko‘rinishimni koreyslarga o‘xshatishi rost. Lekin koreyslarga taqlid qilmayman, buni o‘ylamaganman ham. Ehtimol, Koreyada ozmi-ko‘pmi yashaganim tufayli ularning muhiti menga qaysidir ma’noda ta’sir qilgandir. Sondasom esa jiyanim, ya’ni opam Dildora Hoshimovaning qizi. Opam koreys yigitga turmushga chiqqan.

— Sevgan insoningiz bor deb eshitdik, to‘y qachon?
— To‘g‘ri eshitibsiz, sevgan insonim bor! Lekin munosabatlarimiz natijasini vaqt ko‘rsatadi. Nazarimda «Bir ko‘rishda sevdim, yoqtirdim», deb oila qurish yaramaydi. Axir nikoh katta mas’uliyat degani. Bu yaxshilab o‘ylab qaror qilinadigan nozik masala. Umuman olganda, turmushga chiqish hozircha rejamda yo‘q.

— Yaqinda allaqanday loyihada ishtirok etib, Sharof Muqimov bilan «kelin-kuyov» bo‘ldingiz go‘yo. Bunday tushunarsiz loyihalardan maqsad piarmi?
— Bunday loyihalarda ko‘p aktyor va aktrisalar, san’atkorlar ishtirok etishgan. Lekin aynan men va Sharof Muqimov ijrosidagi loyiha ancha mish-mishlarga sabab bo‘ldi. Bilishimcha, ushbu loyihadan maqsad o‘zbek to‘ylari qanday o‘tishi, o‘ziga xos rasm-rusumlarimizni chet mamlakatlardagi odamlarga ham ko‘rsatish bo‘lgan. Ushbu kichkinagina «to‘y» internetga joylashtirilgan. Tabiiyki, endi buni butun dunyo ko‘rsa bo‘ladi. Loyihaning maqsadi o‘zbek to‘ylari qay tarzda o‘tishini yanada keng ommaga ochib berish edi.

— Ba’zilar Sharof Muqimov e’tibordan chetda qolgani uchun uni yana bir bor eslatib qo‘yishdi va bunga Sitora yordam berdi, deyishyapti…
— Sharof Muqimov yaxshi ijodkor. O‘z vaqtida juda katta auditoriyadagi muxlislarga ega edi. Fikrimcha, bunday san’atkorlar osonlikcha esdan chiqmaydi va shu sabab ularni yodga solish shart emas. Ayni shu gap-so‘zlardan keyin ham Sharof Muqimovning muxlislari ko‘pligi bilindi. Qaytarib aytaman, bu shunchaki kichik loyiha edi, hech qanday piar emas.

— Ba’zilarning fikricha, rollaringizda soxtalik va bir xillik ko‘p emish. Bunday fikrlarga qanday munosabat bildirasiz?
— Avvalo, aktrisani biror rol uchun rejissyorlar tanlashadi. Balki, ular meni aynan bir xil obrazlarda ko‘rishar. Soxtalikka keladigan bo‘lsak, yengil komediyalarda ozgina yasamalik ishlatiladi. Balki, mana shu narsa yuqoridagi e’tirozlarga sabab bo‘layotgandir. Ehtimol, o‘zimga rollarimdagi kamchiliklarim bilinmas. Demak, bu yog‘iga og‘irroq, jiddiyroq filmlarda rol ijro etishga harakat qilishim lozim. Qolaversa, aktrisa yildan-yilga rivojlanadi. Agar hozir rollarimda soxtalik sezilayotgan bo‘lsa, keyingi filmlarimda xatomni to‘g‘rilashga harakat qilaman. Shubhasiz, har bir ijodkor uchun muxlislarning fikri muhim.

— Yana bir mish-mishga ko‘ra, mehmonxonada yashar ekansiz. Ayni shu sabab siz haqingizda har xil gap-so‘zlar tarqalgan…
— Men shu paytgacha hech qachon mehmonxonada yashamaganman! Allohga shukr, o‘z uyim bor. Balki, qaysidir mehmonxonada bir-ikki kun s’yomka jarayoni o‘tayotganida kimdir ko‘rib, gap chiqargandir. Lekin men hatto bir kun ham mehmonxonada qolmaganman. Bu gapni birinchi marta eshitib turishim.

— Kelajakdagi rejalaringiz…
— Avvaliga go‘zallik saloni ochishga harakat qildim. Lekin tajribasizligim sababli bu biznes o‘xshamadi va salonni yopdim. Keyinchalik yana Koreyadan mol olib keldim. Lekin, bilasizmi, biznes qilish uchun odamning ko‘ngli bo‘sh bo‘lmasligi kerak ekan. Meni aldash oson, shu sabab hozir faqat san’at bilan shug‘ullanyapman. Avvalroq endi kliplarda chiqmayman, deb aytgandim, lekin hozir faqat san’at yo‘nalishida faoliyat yuritganim uchun yana kliplarda suratga tushyapman. Qolaversa, Toshkent Davlat Jahon tillari universitetining uchinchi bosqich talabasiman. Kelajakdagi rejalarimga kelsak, o‘qishni bitirgach, o‘z yo‘nalishimda ketmoqchiman, o‘shanda san’at faqat xobbi bo‘lib qoladi. Xudo xohlasa, chet tillarini o‘rgatadigan o‘quv kursi ochishni reja qilganman. Balki, faqat shu bilan to‘xtab qolmasman, yana kim biladi deysiz? Albatta, kuni kelib, oila bekasi degan mas’uliyatli vazifam ham oldinga chiqadi. Lekin san’atni hech qachon tashlab qo‘ymoqchi emasman.

Blis savollar
— Yigit kishida siz qadrlaydigan eng muhim uch sifat?
— Birinchi navbatda, e’tiborli bo‘lishi, va’dasining ustidan chiqishi va, albatta, sodiq, vafodor bo‘lishi kerak!

— Aniq tavallud kuningiz?
— 1992 yil, 1 dekabr.

— O‘zbek estradasida siz muxlislik qiladigan xonanda?
— Lola Yo‘ldoshevaning ijodini hurmat qilaman.

— Qaysi taomni zo‘r tayyorlay olasiz?
— Kartoshka bilan go‘sht qovurishni.

— Qaysi yosh o‘zbek aktrisasiga aynan qaysi roli uchun «Nihoyatda mahoratli» deya ta’rif bergan bo‘lardingiz?
— Yulduz Rajabovaga «Oyqiz ertagi»dagi roli uchun. Umuman olganda, Yulduz Rajabova haqiqatan iste’dodli aktrisa.

Mohigul DIYoRXO‘JAEVA suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Sitora Alimjonova: «Sevgan insonim bor, ammo…»