10:38 / 25.05.2017
6 617

Qalbi ojiz hakamlar nega ko‘zi ojiz qizga o‘rin berishmadi?

Qalbi ojiz hakamlar nega ko‘zi ojiz qizga o‘rin berishmadi?
Ishonavering, umrim bino bo‘lib, bunaqa adolatsizlikni, vijdonsizlikni umrimda ko‘rmaganman…
21 may kuni Andijon shahridagi viloyat “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazida har yili an’anaviy o‘tkazilib kelinayotgan “Yuksak ma’naviyatli avlod” festivalining viloyat bosqichi o‘tkazildi. Tashkilotchilar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga qaraganda unda 14 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan 400 ga yaqin iqtidorli yoshlar sakkiz nominasiya bo‘yicha ishtirok etgan.

2014 yilda ilk bora tashkil etilgan mazkur festivalning respublika bosqichida ishtirok etganman. Albatta, birinchi bor o‘ziga yarasha kamchiliklari va o‘tkazish bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan. O‘sha yili 24 nafar g‘olib mamlakat bosqichida ishtirok etganmiz. Ularning o‘ziga yarasha iste’dodlari, mahoratlari bor edi. Avvalo, barcha tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. O‘shanda g‘olib bo‘lmagan bo‘lsamda, bir narsadan hursand bo‘lganman.

“Yuksak ma’naviyatli avlod” nominasiyasi bo‘yicha sirdaryolik bir ijtimoiy nuqsoni bor yigit qatnashgan. Aynan ushbu nominasiyada o‘nlab yigit-qizlar mukammal innovasion g‘oyalari bilan qatnashgan. Lekin, hakamlar hay’ati uchta g‘oliblar safida o‘sha sirdaryolik bolani ham kiritib o‘tganlar. Uning raqiblari ham bunga e’tiroz bildirishmagan. Aksincha, qalblarida insoniylik tuyg‘usi tufayli o‘zlarini g‘olib bo‘lgandek xis qilishgan. Buni ishtirokchilar bo‘lgan suhbatlarda his qilganman.
Afsuski, Andijonda o‘tkazilgan festivalning viloyat bosqichida ish olib borgan hakamlar hay’atining na vijdoni, na qalbida mehri bor. Bunday deyishimning boisi…. Keling, nima bo‘lganini bir boshidan ayta qolay.

Festivalning taqdirlash marosimi muhtasham viloyat Qo‘g‘irchok teatrida o‘tkazildi. Soat 14-20da binoga kirdim. Zal yoshlar va ularning ota-onalari, ustoz-murabbiylari hamda hakamlar hay’ati bilan to‘lgan edi. Bo‘sh joy qidira boshladim. Mening ro‘paramda hamkasblardan biri o‘tirgan ekan. Men tomon imlab,“Aka, keling mana bu erda bo‘sh joy bor” dedi.
Anchadan beri ko‘rishmayotganimiz bois, o‘tirgach ancha so‘zlashdik. Soat 15-00 ga yaqin teatr xodimlari vaqtni zoe ketkazmaslik uchun o‘z chiqishlarini, aniqrog‘i, maza-bemaza kuy-qo‘shiqlarini (fonogramma orqali) ijro etishdi. Shu paytda, “Bulardan ko‘ra, zalda o‘tirgan ovozi va shijoati bor yoshlarni chiqarishsa bo‘lardi” dedim.

Yonimda o‘tirgan, chamasi 15 yoshlarda (keyin bilsam Andijon san’at kollejining 1-bosqich o‘quvchisi ekan)gi qiz “To‘g‘ri aytasiz, bular xonanda emas fonogrammashunos ekan” deb kuldi. Unga qaraganimda ko‘zi ojiz ekanligini payqadim. Qiziqishim ustun kelib, qaysi yo‘nalish bo‘yicha ishtirok etganini so‘radim.

Qo‘shiq aytarkan, san’at kolleji o‘quvchilarining aytishicha shirali ovoz sohibi ekan. Tanlovda o‘z omadini sinab ko‘rgani, onasi hamrohligida kelibdi. Shunda uning jasorati va matonatiga tan berdim. Lekin, hakamlar hay’atining…..
Taqdirlash mobaynida “Eng yaxshi Vatan kuychisi” nominasiyasi g‘oliblari safida uning nomi chiqmadi. Bir-ikki daqiqa oldin, katta umidlar bilan, quvonib turgan qizning kayfiyati tushib ketdi. Tashkilotchilarga e’tiroz bildirish uchun chiqqanimda onasi bilan ketib qoldi….

Nahotki, hakamlar hay’ati uning nogironligini hisobga olmadi?
Hech bo‘lmasam, o‘ksik ko‘ngli ko‘tarilsin demadi…
O‘ylanib qoldim, tashkilotchilar va hakamlar hay’atining vijdoni, qalbida zarracha bo‘lsada insoniylik tuyg‘usi bormikan?
Yo‘q, ularning qalbi toshdek qotgan. Aslida o‘sha qizning emas, aksincha ularning qalbi ko‘zi ojiz.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Qalbi ojiz hakamlar nega ko‘zi ojiz qizga o‘rin berishmadi?