Boy bo‘lishni o‘rgatgan muallifning o‘zi 1,2 milliard dollarlik qarzga botdi

Robert Kiyosaki — moliyaviy savodxonlik haqidagi kitoblari bilan dunyoga tanilgan mashhur motivatsion yozuvchi. U kitobxonlarga pulni to‘g‘ri boshqarish, daromadni ko‘paytirish va moliyaviy erkinlikka erishish yo‘llarini o‘rgatib kelgan. Biroq endi uning o‘zi katta qarzga botdi. Kiyosaki 1,2 milliard dollar qarzi borligini ma’lum qildi.
Uning eng mashhur asari — 1997 yilda nashr etilgan «Boy ota, kambag‘al ota» kitobi 32 milliondan ortiq nusxada chop etilgan, 100 dan ziyod mamlakatda sotilgan va New York Times bestsellerlari ro‘yxatidan o‘rin olgan. Asar Opra Uinfri kabi mashhur shaxslar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan.
Kiyosakining asosiy ta’limoti oddiy: inson faqat maoshga tayanib qolmasligi, pul keltiradigan aktivlarga egalik qilishi va zarur hollarda qarz kapitalidan foydalanishi kerak. U ko‘chmas mulk, oltin, neft va boshqa resurslarga sarmoya kiritishni ham tavsiya qilib kelgan.
1,2 milliard dollarlik qarz qayerdan paydo bo‘ldi?
The Iced Coffee Hour podkastida Kiyosaki 1,2 milliard dollar qarzi borligini ochiq aytdi. Biroq bu mablag‘ning barchasi uning shaxsiy qarzi emas. Qarzning asosiy qismi sheriklari bilan birgalikda egalik qiladigan ko‘chmas mulk aktivlari bilan bog‘liq.
Vanity Fair hisob-kitoblariga ko‘ra, Kiyosakining shaxsiy qarzi taxminan 30–60 million dollar atrofida.
Yozuvchi katta qarzni moliyaviy halokat deb hisoblamaydi. U o‘z qarashini quyidagi fikr bilan izohlagan:
«Agar bankdan 20 million qarz bo‘lsangiz, bu sizning muammoingiz. Ammo bankdan 1 milliard qarz bo‘lsangiz-u, uni to‘lay olmasangiz, bu endi bankning muammosi».
Kiyosakining modeliga ko‘ra, aktivlarni qarz hisobiga xarid qilish mumkin, keyin esa ulardan keladigan daromad qarz majburiyatlarini qoplaydi. Biroq ekspertlar inflyatsiya, bozor beqarorligi va ko‘chmas mulk qiymatining o‘zgarishi sababli bunday yondashuv xavfsizligiga shubha bilan qaramoqda.
Kiyosaki ta’limotiga tanqidlar ham bor
«Boy ota, kambag‘al ota» kitobi mutaxassislar tomonidan faktik xatolar, haddan tashqari soddalashtirilgan xulosalar va ayrim voqealarning haqiqatga to‘liq mos kelmasligi uchun tanqid qilingan.
Shunga qaramay, bu Kiyosakining mashhurligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmadi. Uning 20 dan ortiq kitobi nashr etilgan, shuningdek, u podkast, vebinar, kurs va ta’limiy o‘yinlar orqali ham daromad olishda davom etmoqda.
Muallifning moliyaviy ahvoli uning hayot tarzida ham aks etadi. Vanity Fair ma’lumotiga ko‘ra, Kiyosaki uch yil avval Marokash uslubidagi hashamatli qarorgohini 4,5 million dollarga sotib olgan.
Kiyosaki kitobida o‘zining «boy otasi» sifatida tadbirkor Richard Kimini tilga oladi. Muallif asarda uni vafot etgan deb yozgan bo‘lsa-da, aslida Kimi kitob nashr etilganidan 11 yil o‘tib vafot etgan.
Yana bir qiziq jihat shundaki, Vanity Fair ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyosakining birinchi biznesi — hamyon ishlab chiqarish uchun mablag‘ni aynan uning o‘z otasi bergan. Holbuki, kitobda u otasini moliyaviy jihatdan muvaffaqiyatsiz inson sifatida tasvirlagan.
Kiyosakining Donald Tramp bilan munosabatlari ham alohida e’tiborga molik. Ular 2006 va 2011 yillarda birgalikda ikkita kitob yozgan. Kiyosaki hanuz Trampni «do‘stim» deb ataydi.
Shunga qaramay, yozuvchi o‘z falsafasidan chekinish niyatida emas. Sobiq rafiqasi Kimning aytishicha, u Robertdan qachon nafaqaga chiqishini so‘raganida, Kiyosaki ikki marta bir xil javob bergan:
«Men o‘qitishni yaxshi ko‘raman».
Shu tariqa, moliyaviy savodxonlikni targ‘ib qilgan Kiyosakining 1,2 milliard dollarlik qarzi uning o‘z ta’limotini yana bir bor muhokama markaziga olib chiqdi.






























Izohlar 0
…