Aktyor Musulmon Yunusov Shahnoza Mirziyoyevaga murojaat qildi (video)

Teatr va kino aktyori Musulmon Yunusov ijtimoiy tarmoqlardagi videomurojaati orqali Shahnoza Mirziyoyevaga murojaat qildi. U nogironligi bo‘lgan qizi uchun hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida undan 300 dollar talab qilingani haqida gapirdi.
Aktyorning aytishicha, uning onasi ham birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxs. Ikki yil avval qiziga ham nogironlik belgilangan va ikki yil o‘tib hujjatlarni qayta rasmiylashtirish zarur bo‘lgan. Shu sababli may oyining oxiri va iyun oyida u turmush o‘rtog‘i bilan birga qizining hujjatlarini tayyorlash uchun turli shifokorlar va tegishli tashkilotlarga qatnagan.
“Har bir shifokorga bordik, barcha hujjatlarni yig‘dik. Men aktyorman, deb hech qayerda imtiyoz talab qilmadim. Boshqa odamlar qatori navbat kutdik, kerakli tartiblarning barchasidan o‘tdik”, — deydi Musulmon Yunusov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatlar Sergeli tumanidagi tegishli tibbiy ko‘rik bosqichiga yetib kelgan. Hujjatlar topshirilgach, unga ikki-uch kun ichida javob berilishi aytilgan.
Biroq oradan ikki kun o‘tib, 71-poliklinikadan aktyorning turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Yunusovning ta’kidlashicha, telefon orqali suhbatda qiziga 18 yoshgacha nogironlik belgilanishi va onasining unga qarovchi sifatida biriktirilishi mumkinligi aytilgan. Buning uchun esa 300 dollar miqdorida pul so‘ralgan.
“Gap pulning miqdorida emas. Men bu pulni topishim mumkin. Lekin har kuni davolanish yoki hujjatlarini rasmiylashtirish uchun mablag‘ izlayotgan ota-onalarni ko‘ramiz. Bugungi xarajatni topdik, ertaga nima qilamiz, deb o‘ylaydigan oilalar juda ko‘p”, — dedi aktyor.
Yunusov ushbu holatdan norozi bo‘lib, qo‘ng‘iroq qilganini va masalani bevosita o‘zi bilan hal qilishni so‘raganini aytdi. Shundan so‘ng qiziga nogironlik belgilangani, biroq onasi qarovchi sifatida rasmiylashtirilmaganini ma’lum qildi.
Aktyorning fikricha, agar aytilgan 300 dollar berilganida, onasining 18 yoshgacha qiziga qarovchi sifatida biriktirilishi mumkin bo‘lgan.
“Qizim mustaqil ravishda ovqatlanishi, yurishi va boshqa ehtiyojlarini bajarishi mumkin degan xulosa berilgan. Agar u hammasini mustaqil bajara olsa, bizga qarovchi kerak emas edi. Menga alam qilayotgan narsa — pul berilgandagina onasini qarovchi qilib qo‘yish mumkinligi aytilgani”, — deydi u.
Aktyor, shuningdek, vaziyat yuzasidan Sergeli tumanidagi ijtimoiy himoya bo‘limiga murojaat qilganini bildirdi. U yerda xodimlar va yuristlar bilan suhbatlashganini, biroq masala hal bo‘lmaganini ta’kidladi.
Musulmon Yunusov videomurojaatida Shahnoza Mirziyoyevadan holatni shaxsan nazoratga olib, tekshiruv o‘tkazishni so‘radi.
“Shahnoza Mirziyoyeva, sizdan iltimos qilaman, shu masalani shaxsan tekshirishingizni va tagiga yetishingizni so‘rayman. Nogironligi bo‘lgan farzandi bor oilalardan pul talab qilinishi qanchalik to‘g‘ri? Bunday holatlarga chek qo‘yish kerak”, — dedi aktyor.
U ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan ham videomurojaatini Shahnoza Mirziyoyevaga yetkazishda yordam so‘radi.






























Izohlar 0
…