Kinopoisk platformasida anime ishqibozlari uchun maxsus boʻlim ishga tushirildi

Rossiyaning eng yirik striming xizmatlaridan biri boʻlgan Kinopoisk platformasi anime janri ixlosmandlari uchun alohida boʻlimni ishga tushirdi. Ushbu yangilik 7-iyul kuni mashhur manga asosida ishlangan “Ghost in the Shell” (Saoutdagi sharpa) serialining premyerasi bilan bir vaqtda eʼlon qilindi. Endilikda foydalanuvchilar yapon animatsiyasi olamiga oid barcha kontentni yagona qulay interfeys orqali topishlari mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi bo‘limda platformadagi eng ommabop loyihalar, jumladan, “Attack on Titan”, “Gachiakuta”, “Dandadan” va “Spy x Family” kabi asarlar joy olgan. Shuningdek, foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida tematik to‘plamlar, har oylik eng yaxshi 10 talik reyting va shaxsiy tavsiyalar tizimi joriy etildi. Tavsiyalar algoritmi foydalanuvchining ko‘rishlar tarixi va qo‘ygan baholariga tayanib shakllantiriladi.
Anime auditoriyasining o‘sishi va yangi imkoniyatlar
ixbt.com ma‘lumotiga ko‘ra, animatsion loyihalarga bo‘lgan qiziqish platformada keskin ortib bormoqda. 2024-yilning boshidan buyon Kinopoisk orqali anime tomosha qilgan obunachilar soni 4,5 million nafardan oshgan, mazkur janrdagi loyihalarga qo‘yilgan baholar soni esa 3,8 milliondan o‘tib ketgan. Bu ko‘rsatkichlar anime nafaqat tor doiradagi qiziqish, balki ommaviy madaniyatning ajralmas qismiga aylanganini ko‘rsatmoqda.Joriy yilning birinchi yarmida auditoriya e‘tiborini eng ko‘p tortgan loyihalar ro‘yxatidan quyidagilar o‘rin oldi:
- “Gachiakuta”;
- “That Time I Got Reincarnated as a Slime”;
- “Handyman Saitou in Another World”;
- “Attack on Titan”;
- “Fire Force”.
Vizual o‘zgarishlar ham e‘tibordan chetda qolmadi. Foydalanuvchi profillarida mashhur anime motivlari asosida yaratilgan tematik fonlar paydo bo‘ldi. Shuningdek, iOS qurilmalari egalari uchun ilovaning muqobil ikonkasini tanlash funksiyasi qo‘shildi.
Iyul oyi davomida servis bir qator muhim premyeralarni taqdim etishni rejalashtirgan. Bular orasida yangi “Ghost in the Shell” bilan bir qatorda, ko‘pchilik tomonidan kutilayotgan “Mushoku Tensei: Jobless Reincarnation” (Ishsizning qayta tug‘ilishi) serialining uchinchi fasli ham bor. Ushbu qadamlar platformaning mintaqadagi anime bozorida o‘z mavqeini mustahkamlashga qaratilgan strategiyasining bir qismidir.






























Izohlar 0
…