Vohidjon Isoqov: "Oilamning ishonmasligi xafa qiladi!" (video)

Vohidjon Isoqov: "Oilamning ishonmasligi xafa qiladi!" (video)
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Xonanda Vohidjon Isoqov oila a'zolarining unga ishonmasligidan xafa bo'lishini, chunki bu bolaning o'ziga bo'lgan ishonchini yo'qotishiga olib kelishi mumkinligini ta'kidladi.
  • Uning fikricha, bolalarni urish o'rniga, ularning xatolarini tushunib, ularga ko'proq ishonch bildirish kerak.
  • Isoqov o'z bolaligida doim tanqid qilingan tanishining o'ziga ishonchi past inson bo'lib ulg'ayganini misol qilib keltirdi.

Xonanda Vohidjon Isoqov intervyularidan birida o‘zini nima xafa qilishi va farzand tarbiyasida ota-onaning ishonchi qanchalik muhimligi haqida gapirdi. San’atkorning fikricha, bolaga ishonmaslik, uni boshqalar bilan taqqoslash va doimiy tanqid qilish uning o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotishiga sabab bo‘lishi mumkin.

“Uydagilarim menga ko‘p narsani ishonishmagani xafa qiladi. Biror narsani aytsam, «Sening qo‘lingdan kelmaydi», deyishadi. Menga ko‘proq ishonch bildirishmagani alam qiladi. Shunda «Hali sizlarga ko‘rsatib qo‘yaman», deb ko‘p aytaman”, — dedi xonanda.

Suhbat davomida undan bunday gaplar farzandning ruhiyatiga ta’sir qilishi haqida ham so‘raldi. Vohidjon Isoqov esa bu holat bolani ruhan sindirishi mumkinligini ta’kidladi.

“Albatta, sindiradi. Men bolalarim biror narsani sindirib qo‘yishsa yoki juda kerakli narsamni yo‘qotishsa ham, ularni urishmayman. Bilasizmi, nima uchun? Chunki urishsam, ko‘ngli sinadi. «Bolam, bo‘ldi, mana, yangisini olib kelamiz, faqat boshqa bunday qilma deb bolaga yanada ko‘proq ishonch berish kerak”, — deya fikr bildirdi san’atkor.

Xonanda o‘z fikrini hayotda kuzatgan voqeasi bilan ham izohladi. Uning aytishicha, bolaligida birga ulg‘aygan tanishining otasi farzandini doim tanqid qilgan va uni boshqa bolalar bilan taqqoslagan.

“Har kuni uyga kelganida: «Nega mollarga suv bermading? Nega bunday qilding? Mana, qo‘shnining bolasiga qara», derdi. Go‘yoki butun dunyoda hamma yaxshi-yu, faqat uning o‘g‘li yomon edi. Uni doim boshqalar bilan taqqoslab katta qildi”, — dedi Vohidjon Isoqov.

San’atkor o‘z oilasidagi tarbiya usulini ham eslab o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, otasi farzandlariga mehr bilan munosabatda bo‘lgan, ularni hurmat qilgan va qo‘llab-quvvatlagan. Shu sababli ular o‘z fikrlarini erkin ifoda etishga o‘rgangan.

Xonandaning aytishicha, bolaligida doim tanqid va taqqoslashga duch kelgan tanishi esa ulg‘ayganida o‘z fikrini erkin bildirishga qiynaladigan, o‘ziga ishonchi past insonga aylangan.

“Shundan bildimki, insonning ichidagi olovni o‘chirib qo‘yish mumkin ekan. Shuning uchun, Xudo xohlasa, farzandlarim bilan hech qachon bunday munosabatda bo‘lmayman”, — dedi u.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu fikrlar kuzatuvchilar orasida ham muhokamalarga sabab bo‘ldi. Izohlarda ko‘pchilik xonandaning bolaga ishonch bildirish, uni boshqalar bilan taqqoslamaslik va xatolariga mehr bilan munosabatda bo‘lish haqidagi fikrlarini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar