15:46 / 10.07.2017
8 903

Munisa Rizaeva: ijodi va armoni haqida...

Munisa Rizaeva: ijodi va armoni haqida...
Munisa Rizaeva bilan suhbatlashganda uning shartaki, haqiqatparvar, o‘z ishini sevuvchi va san’at olamiga telbalarcha oshiqligiga amin bo‘lasiz. Kuylagan har bir qo‘shig‘iga yuragining bir parchasini qo‘shadigan Munisa bilan bugun san’at va ijod haqida suhbatlashdik.

— Munisa, tanqidlarni mardlarcha qabul qila olishingizni bilamiz. Lekin qanchalik beparvo bo‘lmang, ijodkorsiz, ular qalbingizga og‘ir botsa kerak?
— Agar haqiqiy kamchiligimni aytib, to‘g‘ri yo‘lga boshlash niyatda gapirishsa, aksincha ularning fikrlaridan xursand bo‘laman. Chunki jurnalistlar, muxlislar san’atkorni yomon yo‘lga boshlamaydi. Lekin afsuski, bugun bo‘lar- bo‘lmas gaplarni dastak qilib, xonanda yoki aktyorni jig‘ibiyron bo‘lishini tomosha qilish “urf” bo‘lib borayotgandek...

—Yaqinda “Xafa-xafa” qo‘shig‘ingizga ishlangan klipning premerasi bo‘ldi...
— “Mango” guruhi xonandalaridan biri Hamdam menga bu qo‘shiqni olib kelganda bir marta tinglashim bilan ma’qul bo‘lgan. Odatda tayyor qo‘shiqlarni o‘zimning stilimga moslashtirardim. Bu gal unday bo‘lmadi. Xullas, tayyor qo‘shiqni taqdim etganimizda muxlislar ham yaxshi kutib olishdi. Shundan keyin klip jarayonlarini boshlab yubordik. Klip g‘oyasi va ssenariysi Davron Kabulovga tegishli. Davron bilan anchadan beri do‘stmiz, u menga voqeani aytib berganda, u tasavvurimda paydo bo‘ldi. O‘zim istagandek natija bergan ijodiy ishimdan bugun juda mamnunman. Ha darvoqe, yana bir gap, aslida, bu qo‘shiqni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rashid Xolikov bilan duet tarzida kuylamoqchi edik. Biroq ma’lum bir sabablarga ko‘ra ishimiz cho‘zilib ketdi. Keyin yakkaxon kuylab qo‘ya qoldim. Lekin kelajakda Rashid aka bilan albatta hamkorlik qilamiz.

— Qo‘shiq so‘zlaridagi “Ichib olganmisiz, nima balo? Gapingiz eshitilmayapti” degan gaplar o‘zingizga biroz qo‘pol tuyilmadimi?

— Yo‘q, asl. Chunki meni muxlislarim ana shunday noodatiyligim bilan qabul qilishgan. Shuning uchun qo‘shiqning bunday kutilmagan jihatlari ularga erish tuyilmasligiga ishonaman. Shuningdek, men qo‘shiqda ham, klipda ham bugun yosh oilalarda uchrab turadigan ba’zi muammolarni komedik jihatdan ko‘rsatib berishga harakat qildim.

— So‘nggi paytlarda kliplarga juda katta e’tibor qaratayotganingiz sezilyapti...
— To‘g‘ri, chunki bu professional sifatidagi vazifalarimdan biri. Kuylagan qo‘shiqlarimni to‘laligicha xalqqa taqdim etadigan — klipga e’tiborsiz bo‘lsam, ishda yutqazishim aniq.

— Intervyularingizning birida “Yigitali Mamajonov bilan partnerlikda rol o‘ynash orzuim edi, bu amalga oshdi” degan ekansiz...

— Haqiqatdan ham shunday. Chunki Yigitali yosh aktyorlar orasida eng mahoratlilaridan biri. Uni inson sifatida ham, ijodkor sifatida ham juda hurmat qilaman.

— Oilada ko‘proq o‘g‘il bolaga yuklatiladigan mas’uliyatni siz zimmangizga olgansiz...
— To‘g‘ri, ota-onam uchun qiz emas, o‘g‘ilman, desam ham bo‘ladi (kuladi). Tan olib aytamanki, bu menga yoqadi. Chunki otam va onam o‘g‘lim yo‘q deb o‘ksinishlariga hojat qolmaydi. Nima muammolari bo‘lsa, o‘zim hal qilib berishga tayyorman.

— Ammo nima bo‘lganda ham qiz bolaning ko‘ngli nozik bo‘ladi. Hayot tashvishlaridan charchagan paytlaringizda vaziyatdan qanday chiqasiz?
— Charchasam ham lekin farzand sifatida oilam uchun har qanday ishga tayyorman. Vaqti-vaqti bilan horg‘inlik sezganimda, his-hayajonga berilmayman, shunda hammasi o‘tib ketadi.

— Bolalikdan to‘kin hayotda yashab o‘rgangan insonsiz, lekin bir kam dunyo deyishadi. Amalga oshmagan qanday orzularingiz bor?
— (O‘ylanib) Shaxsiy hayotda hali baxtimni uchratmadim. Lekin oq kuylak kiyib kelin bo‘lgim va ko‘p farzandlarim bo‘lishni istayman...


Blis savollar:

— Shou biznesda hamma narsani pul hal qiladi(mi?)
— Yo‘q. Mashhur bo‘laman deb ijodiga katta miqdorda pul tikkan, lekin natijaga erisholmaganlarning ko‘pini ko‘rganman.

— Chet elga borganingizda birinchi qiladigan ishingiz bu...
— Uxlash. Chunki kecha va kunduzgi rejimni to‘g‘rilab olish uchun to‘yib uxlashim kerak.

— O‘zbekistonga kelganingizda-chi?
— Charchaganimga qaramay, o‘sha zahoti ko‘chaga chiqib ketaman. Vatan sog‘inchini shunday qondirsam kerak...

— Tashqi ko‘rinishingizda yana nimalarni o‘zgartirgan bo‘lardingiz?
— Endi o‘zgarishga hojat yo‘q. O‘zim istagandek tashqi ko‘rinishga ega bo‘ldim.

Aliya SULAYMANOVA

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Munisa Rizaeva: ijodi va armoni haqida...