22:29 / 04.08.2017
7 108

Shavkat Mirziyoyev: "San’atimiz rivojini o‘ylab xonandalarni soliqqa tortishga rozilik bermayapmiz"

Shavkat Mirziyoyev: "San’atimiz rivojini o‘ylab xonandalarni soliqqa tortishga rozilik bermayapmiz"
Prezident Shavkat Mirziyoyev ijod ahli bilan uchrashuvi chog‘ida “O‘zbekkonsert” qoshida “O‘zbekiston xalq artistlari” klubini tashkil etish taklifini ilgari surdi, deb yozadi Darakchi.uz nashri.

Prezident mazkur klub a’zolari muntazam yig‘ilishib, yurtimiz va jahon san’at olamida yuz berayotgan ijodiy jarayonlarni muhokama qilib, sohadagi kamchilik va muammolarni echish, yosh iste’dodlar tarbiyasi, madaniyatimizni ravnaq toptirish bo‘yicha yangi g‘oya, tashabbus va takliflar bildirib borishini tayinladi.

Klubning eng faol a’zolari bo‘lgan Xalq artistlarini yil yakuni bo‘yicha e’tirof etib, rag‘batlantirib borishni ham yo‘lga qo‘yish lozimligini ta’kidladi.

“Sizlarga ma’lumki, sobiq ittifoq hududidagi boshqa davlatlardan farqli o‘laroq, faqat O‘zbekistonda estrada ijodkorlari aholiga madaniy xizmat ko‘rsatishdan topadigan daromadlari bo‘yicha soliq to‘lash majburiyatidan ozod qilingan. Aytaylik, xonandalarimiz o‘zining gastrol-konsert faoliyatini amalga oshirish uchun bir yilda bir marta belgilangan tartibda ma’lum miqdordagi mablag‘ni to‘lab, lisenziya oladi. Bo‘ldi. Boshqa soliq yo‘q. Aksariyat qo‘shiqchilar mana shu lisenziyaga to‘laydigan pulini bitta to‘yda topishi ham sir emas. Shuning uchun ba’zan moliya va soliq idoralari tomonidan estrada xonandalarini, boshqa davlatlardagi kabi, daromad solig‘iga tortish bo‘yicha takliflar bildiriladi.

Lekin biz azbaroyi san’atimiz, madaniyatimiz rivojini, xalqimizning ma’naviy saviyasini yuksaltirishni o‘ylab, bu takliflarga rozilik bermay kelayapmiz. Hammangiz tushunasiz, salomga yarasha alik ham bo‘lishi kerak. Xalqimiz san’atkorlardan yaratilgan ana shunday imkoniyat va imtiyozlarga yarasha javob kutishga haqli, albatta. Shu munosabat bilan bugun bir fikrni alohida ta’kidlab aytishni zarur, deb hisoblayman. O‘zbekistonda adabiyot va san’at, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, ma’naviyat va ma’rifat biznesga aylanmasligi shart va biz bunga hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz.

Kimda-kim bu sohalarga faqat pul ishlash, faqat iqtisodiy foyda ko‘rish maqsadida kirayotgan bo‘lsa, ular, marhamat, tadbirkorlik, biznes sohasiga borsin. Mana, bu borada qancha-qancha imkoniyat va imtiyozlar yaratib beryapmiz – shu sohaga o‘tib ishlasin. Lekin ijodiy ishlarga aralashib, o‘zini ham, san’at degan muqaddas tushunchani ham beobro‘ qilmasin. Buni hech kim hech qachon unutishga haqqi yo‘q.”

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Shavkat Mirziyoyev: "San’atimiz rivojini o‘ylab xonandalarni soliqqa tortishga rozilik bermayapmiz"