
Har oyda yangi qo‘shiq kuylamasa ham, bu xonandaga tinglovchilari vafodor. Qo‘shiqlaridagi ma’no, xalqchilik xonanda va muxlisni birlashtirib turadi, nazarimizda. Sahifamiz qahramoniga berilgan kutilmagan savollar orqali uning dunyosi bilan yaqinroq tanishamiz...
— Noodatiy selfi suratga tushish uchun o‘zingizga yaqin bo‘lgan holatni tanlang: tezlikda yurib ketayotgan poezd vagonining tepasiga chiqish; o‘ttiz qavatli bino tomida; sher bilan bir qafasda.
— Poezd vagonining tepasiga chiqqan bo‘lardim. Bu qaysidir ma’noda fe’lim bilan bog‘liq. Hayotda ham harakatda bo‘lishni, tezlikni yoqtiraman.
— O‘zingizdagi qaysi xislatni dugonalaringizga o‘rnak sifatida ko‘rsata olasiz?
— Sabr bilan hamma narsaga erishish mumkinligini o‘zim uchun isbotlaganman. Dugonalarimga ham doim sabr qilish kerakligi haqida aytaman.
— Juletta rolini ijro etish taklifi tushdi...
— Agar yoshroq bo‘lganimda hech ikkilanmasdan rozi bo‘lar edim. Lekin bugun yoshim, ko‘rinishim bu rolga to‘g‘ri kelmaydi.

— Tashqi ko‘rinishingizda nimani o‘zgartirgan bo‘lardingiz?
— Hech narsani. Doim o‘zimni shunday ko‘rinishda qabul qilib kelganman. Shuning uchun tubdan o‘zgarish men uchun emas.
— O‘zingizga qaysi savolni ko‘p berasiz?
— Baxtlimanmi? Nega bilmadim, lekin miyamda mana shu savol ko‘p takrorlanadi. Har safar ijobiy javob olganman (kuladi). Shukr, yaqinlarim sog‘-salomat, turmush o‘rtog‘im yonimda, farzandlarim bor. Nolishga o‘rin yo‘q.
— Dunyoga mashhur qaysi insonning hayotida bir kun yashab ko‘rishni istardingiz?
— Yoshligimdan bir mashhur inson kumirim edi. Vaqtlar davomida uning ijodidan tashqari hayotidan boxabar bo‘lib biroz hurmat qilmay qo‘ydim. San’atkorning shaxsiy hayotiga emas, ijodiga qiziqish kerak, deb bekorga aytishmas ekan.
— Bir jamadon pul berishsa...
— Ijod qilishni yaxshi ko‘raman. Ammo ba’zida imkoniyatlarim biroz to‘sqinlik qilib turadi. Agar qo‘limga katta pul tushsa, ko‘-o‘-o‘p qo‘shiq yozib, maza qilib klip suratga oldirardim.
— Turmush o‘rtog‘ingiz odatda nega rashk qiladi?
— Bo‘lar-bo‘lmasga qizg‘anadigan odatlari yo‘q. Lekin biroz kalta ko‘ylak kiysam, jahllari chiqib, gapirib qo‘yadilar.
— Ko‘rinmas odamga aylanib qolsangiz...
— Butun dunyoni aylanib chiqqan bo‘lardim, tekinga (kuladi). Lekin hech kim bilan gaplasholmay, zerikib qolishim mumkin-ku... Yaxshilab o‘ylab ko‘rishim kerak ekan.
— Tushingiz o‘ngidan kelganmi?
— Bunday holat juda ko‘p bo‘ladi. Masalan, to‘yimdan oldin, erim bilan qo‘l ushlashib, uzoq yo‘lga chiqqanimni tush ko‘rgandim. O‘shanda uyg‘onib shu yigitga turmushga chiqsam kerak, degan xayol o‘tgandi.

— «Ginnes rekordlar kitobi»ga kirish imkoni berilganida, qaysi yo‘nalishni tanlagan bo‘lardingiz?
— Milliorder bo‘lganimda, dunyoda eng ko‘p yaxshilik qilgan Dildora Niyozova sifatida bu kitobda qayd etilishni istardim.
— Qachon oxirgi marotaba ota-onangizga ularni yaxshi ko‘rishingizni aytdingiz?
— Bu gapni juda tez takrorlayman. Bundan uch kun avval uyga borgandim, o‘shanda ham shu so‘zlarni aytib xayrlashdim. Ota-onalarimiz doim sog‘ bo‘lishsin!
Aliya SULAYMANOVA
Manba: Darakchi.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar