18:30 / 03.05.2018
6 686

Dildora Niyozovaning 12 ta noodatiy savolga javobi

Dildora Niyozovaning 12 ta noodatiy savolga javobi
Har oyda yangi qo‘shiq kuylamasa ham, bu xonandaga tinglovchilari vafodor. Qo‘shiqlaridagi ma’no, xalqchilik xonanda va muxlisni birlashtirib turadi, nazarimizda. Sahifamiz qahramoniga berilgan kutilmagan savollar orqali uning dunyosi bilan yaqinroq tanishamiz...

— Noodatiy selfi suratga tushish uchun o‘zingizga yaqin bo‘lgan holatni tanlang: tezlikda yurib ketayotgan poyezd vagonining tepasiga chiqish; o‘ttiz qavatli bino tomida; sher bilan bir qafasda.
— Poyezd vagonining tepasiga chiqqan bo‘lardim. Bu qaysidir ma’noda fe’lim bilan bog‘liq. Hayotda ham harakatda bo‘lishni, tezlikni yoqtiraman.

— O‘zingizdagi qaysi xislatni dugonalaringizga o‘rnak sifatida ko‘rsata olasiz?
— Sabr bilan hamma narsaga erishish mumkinligini o‘zim uchun isbotlaganman. Dugonalarimga ham doim sabr qilish kerakligi haqida aytaman.

— Juletta rolini ijro etish taklifi tushdi...
— Agar yoshroq bo‘lganimda hech ikkilanmasdan rozi bo‘lar edim. Lekin bugun yoshim, ko‘rinishim bu rolga to‘g‘ri kelmaydi.

— Tashqi ko‘rinishingizda nimani o‘zgartirgan bo‘lardingiz?
— Hech narsani. Doim o‘zimni shunday ko‘rinishda qabul qilib kelganman. Shuning uchun tubdan o‘zgarish men uchun emas.

— O‘zingizga qaysi savolni ko‘p berasiz?
— Baxtlimanmi? Nega bilmadim, lekin miyamda mana shu savol ko‘p takrorlanadi. Har safar ijobiy javob olganman (kuladi). Shukr, yaqinlarim sog‘-salomat, turmush o‘rtog‘im yonimda, farzandlarim bor. Nolishga o‘rin yo‘q.

— Dunyoga mashhur qaysi insonning hayotida bir kun yashab ko‘rishni istardingiz?
— Yoshligimdan bir mashhur inson kumirim edi. Vaqtlar davomida uning ijodidan tashqari hayotidan boxabar bo‘lib biroz hurmat qilmay qo‘ydim. San’atkorning shaxsiy hayotiga emas, ijodiga qiziqish kerak, deb bekorga aytishmas ekan.

— Bir jamadon pul berishsa...
— Ijod qilishni yaxshi ko‘raman. Ammo ba’zida imkoniyatlarim biroz to‘sqinlik qilib turadi. Agar qo‘limga katta pul tushsa, ko‘-o‘-o‘p qo‘shiq yozib, maza qilib klip suratga oldirardim.

— Turmush o‘rtog‘ingiz odatda nega rashk qiladi?
— Bo‘lar-bo‘lmasga qizg‘anadigan odatlari yo‘q. Lekin biroz kalta ko‘ylak kiysam, jahllari chiqib, gapirib qo‘yadilar.

— Ko‘rinmas odamga aylanib qolsangiz...
— Butun dunyoni aylanib chiqqan bo‘lardim, tekinga (kuladi). Lekin hech kim bilan gaplasholmay, zerikib qolishim mumkin-ku... Yaxshilab o‘ylab ko‘rishim kerak ekan.

— Tushingiz o‘ngidan kelganmi?
— Bunday holat juda ko‘p bo‘ladi. Masalan, to‘yimdan oldin, erim bilan qo‘l ushlashib, uzoq yo‘lga chiqqanimni tush ko‘rgandim. O‘shanda uyg‘onib shu yigitga turmushga chiqsam kerak, degan xayol o‘tgandi.

— «Ginnes rekordlar kitobi»ga kirish imkoni berilganida, qaysi yo‘nalishni tanlagan bo‘lardingiz?
— Milliarder bo‘lganimda, dunyoda eng ko‘p yaxshilik qilgan Dildora Niyozova sifatida bu kitobda qayd etilishni istardim.

— Qachon oxirgi marotaba ota-onangizga ularni yaxshi ko‘rishingizni aytdingiz?
— Bu gapni juda tez takrorlayman. Bundan uch kun avval uyga borgandim, o‘shanda ham shu so‘zlarni aytib xayrlashdim. Ota-onalarimiz doim sog‘ bo‘lishsin!
Aliya SULAYMANOVA

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Dildora Niyozovaning 12 ta noodatiy savolga javobi