23:09 / 10.05.2018
5 179

Rashid Malikov: “Sabot”ning g‘alabasi butun o‘zbek kinematografiyasiga tegishlidir! (Intervyu)

Rashid Malikov: “Sabot”ning g‘alabasi butun o‘zbek kinematografiyasiga tegishlidir! (Intervyu)
40-Moskva xalqaro kinofestivalida “Sabot” filmi Kinotanqidchilar hakamlar hay’ati mukofoti hamda Hududlararo kinoklublar federatsiyasi tomonidan “Hakamlar hay’atining maxsus e’tirofi” diplomiga sazovor bo‘ldi.

Moskva kinofestivali – dunyodagi eng yirik kinofestivallardan biri. Asosiy tanlovda mening filmim nomzod bo‘lganining o‘zi – katta sharafdir.

Men tanlovdagi qariyb barcha filmlarni tomosha qildim. Dastur o‘ta kuchli bo‘ldi. Nazarimda, “Sabot” hech qanday mukofotga erisholmasa ham kerak, degan fikr ko‘nglimdan o‘tdi. Ayniqsa, koreys va portugal filmlari kuchli ekan.

Shu bois mukofotlarni qo‘lga kiritish men uchun o‘zgacha sharaf bo‘ldi.

Festivalda “Sabot” ko‘rib chiqilganidan so‘ng ushbu kinofilmni yana to‘rtta nufuzli xalqaro kinofestivallarga taklif etishdi.

Taqrizchilar “Sabot”ning g‘alabasi – mana, o‘n yildirki, nafaqat hech qanday mukofotni qo‘lga kiritolmayotgan, balki hatto nufuzli kinofestivallarda taqdim etilmayotgan butun o‘zbek kinematografiyasi uchun yangilik bo‘ldi, deb yozishdi.

Menimcha, endilikda o‘zbekistonlik yosh rejissyorlar Moskva festivali va shu darajadagi Kann, Venetsiya, Berlin festivallariga chiqishga intilishadi. U yerda o‘z hisobidan yoxud davlat hisobidan ko‘ngilxushlik qilish uchun emas, tanlov dasturlarida qatnashishga harakat qilishadi.

Lekin yosh rejissyorlar bilib qo‘yishlari lozim – oson yo‘lning o‘zi bo‘lmaydi. Rejisser nafaqat san’atkor, qolaversa, jangchi hamdir.

Men o‘z filmim uchun 2015 yildan beri kurashib keldim.

Hozir esa O‘ZBEKKINO badiiy kengashiga yangi kelganlar hayron bo‘lishmoqda: ssenariy nega muncha uzoq muddat davomida o‘tkazilmadi?

Qisqasi, men filmni bir rahbariyat boshchiligida suratga oldim, topshirishga kelganda boshqa rahbariyat, boshqa badiiy kengashga topshirdim.

“O‘zbekkino”ning yangi rahbarlari – direktor Furqat Shokirovich Zokirov va ijodiy tomondan uning o‘rinbosari Rizayev Shuhrat filmni yuqori baholashdi, filmni festival namoyishiga tayyorlashni buyurishdi.

Yaqinda ba’zi OAVda “Sabot”filmini 40-Moskva kinofestivaliga olib chiqishda “Kinematografiyani rivojlantirish markazi”ning ham hissasi bor, degan axborot tarqaldi. Men shuni ta’kidlamoqchimanki, “Sabot”ni Moskva kinofestivaliga olib chiqishda ham, boshqa festivallarda qatnashishida ham ushbu tashkilotning hech qanday aloqasi yo‘q.

“Sabot” filmi “O‘zbekkino” MA buyurtmasiga binoan davlat mablag‘i hisobiga suratga olindi va filmning festivalga chiqishi bilan “O‘zbekkino”ning xalqaro bo‘limi shug‘ullanadi.

Ushbu film yaratilishiga aloqador bo‘lgan barcha barcha insonlarga yana bir bor o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman, xususan, barcha suratga olish guruhiga. O‘sha paytda “O‘zbekfilm”ning direktori bo‘lmish Hilol Nasimovga alohida rahmat. Qoraqalpoq hamkasabalarimizning beqiyos ko‘maklari uchun tashakkur.

Va “O‘zbekkino”ning hozirgi rahbariyatiga yana bir martaba tashakkur izhor etmoqchiman.

Mazkur filmning mukofotlari butun o‘zbek kinematografiyasiga tegishlidir.
Lola Shoimova suhbatlashdi.

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Rashid Malikov: “Sabot”ning g‘alabasi butun o‘zbek kinematografiyasiga tegishlidir! (Intervyu)